BIRINCHI YAXSHILIK (Hikoya)

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda)

Bularning hammasi bola yuragidagi vahimani yanada kuchaytirdi. Hoynahoy, Dev Kenjabotirni sezib qolib, talvasa qilayapti, aks holda, bunday to‘s-to‘polon, shamol-u shovqin bo‘lmasdi... Shu payt birdan hovli darvozasini kimdir qattiq tepa boshladi. – Eshikni och, Xosiyat! Och deyapman, senga! – bo‘g‘iq, qo‘rqinchli tovush eshitildi. Bolaning onasi «Hozir», deya darvoza tomonga yugurib ketdi. Bolaning ko‘zlari katta-katta bo‘lib, derazadan darvoza tomonga qaray boshladi. Darvoza zulfini shaqirladi. So‘ng onasining «Voy, o‘lmasam!» degan tovushi eshitildi. Bola qo‘rquvdan qaltiray boshladi, haqiqatdan Dev ularning hovlisiga kelganga o‘xshaydi. Ammo supada yaralangandek gandiraklab yurayotgan otasi va uni sudrab kelayotgan onasi ko‘rindi. Bolaning yuragi qo‘rquvdan titrab ketdi, otasini Dev quvlab kelganga o‘xshaydi! Endi nima qilishadi?! Otasi bilan onasi uyga kiradigan eshik tomon o‘tib, derazadan pana bo‘lishdi. Bir necha daqiqa tashqaridan ikkalasining g‘idir-bidiri eshitilib turdi. Otasi negadir ingragandek, pishillab ovoz chiqarib qo‘yardi. Balki u Dev bilan olishib, yarador bo‘lgandir... Bola hozir nimadir bo‘lishini sabrsizlik bilan kutib, qotib turardi. Bir payt onasi yolg‘iz o‘zi uyga kirib keldi. Bola onasiga jovdirab tikildi,u esa buvisiga bobillay ketdi. – Mana, sizning o‘g‘lingiz, erkalatganingiz. Yana ichib kelibdilar, – u hiqillab yig‘lab yubordi. – Shu zormandani ichmasalar o‘lib qoladilarmi? Bolaning xo‘rligi kelib, yig‘lab yubordi. Buvisi eshitilar-eshitilmas nolinqirab qo‘ydi: – E, umring uzoq bo‘lgur, qayoqdanam chiqardi bu qiliqni?! Bola ertak eshitishdan umidini uzdi, ko‘zida yosh bilan buvisining yoniga emaklab borib, sandal ko‘rpasiga o‘ranib, yotib oldi. Onasi birov eshitmaydigan ovozda pichirlab, g‘udranib, erini urishardi, hayotidan nolirdi. Ishdan ham qo‘li sovidi chog‘i, hafsalasi pir bo‘lib, ko‘rpaning chetiga ignani qadadi-da, yig‘ishtirib sandiq yoniga qo‘ydi. Keyin har kecha o‘zi uxlaydigan xonaga – erining yoniga ketdi. Buvisi ham ta’bi xira bo‘lib, qo‘lidagi ermagini sandal ustiga tashlab, yonboshladi. Uyda qorachiroq xiragina yonib turardi. Bolaning esa uyqusi kelmasdi... Dev bo‘kirib har tomondan Kenjabotirni izlardi! Topib olsa, uni yeb qo‘yishi turgan gap edi. Qanday bo‘lmasin yordam berish kerak yigitga!.. Tashqarida esa shamol quturgandan-quturar, daraxtlarning shoxlarini bir-biriga qarsillatib urardi. Bo‘ynoq Qizil devning hovliga kirib kelganini sezib, zanjirini shaqirlatib sakrar, vovillardi... Bola bir necha muddat shu tarzda ko‘zlarini yummay tashqarida bo‘layotgan hodisalarga quloq solib yotdi. So‘ng kutilmaganda, birdan o‘rnidan turib «hujum»ga o‘tdi. U sandal ustidagi kitobni qo‘liga oldi. Kitob yuzidagi Qizil dev uzun tirnoqli panjalari bilan hamla qilib, katta ko‘zini olaytirib, irillab turardi. Bola butun kuchini bir yerga to‘plab, ko‘rsatkich barmog‘i uchini tupugi bilan ho‘lladi, pastki labini tishladi-da, Qizil devning ko‘zini tirnoqchasi bilan qitirlatib o‘ya boshladi. Tashqarida esa Dev o‘lim talvasasida o‘kira boshladi, u go‘yo azob bilan jon taslim qilardi. Ko‘p o‘tmay, bola Devning ko‘zini butunlay o‘yib tashladi va kulimsirab yostiqqa ohista boshini qo‘ydi. – Endi dev ko‘r bo‘ldi, – deya o‘yladi u sevinib, – qanday qilib Kenjabotirni topa oladi? Bola sevina-sevina, onasini otga mindirib, uyga olib qaytayotgan Kenjabotir haqida anchagacha xayol surib yotdi. Ertakning davomini o‘zi to‘qidi, so‘ng uxlab qoldi. Tashqarida esa shamol hamon quturar, kurrai-zaminga, tunga tinchlik bermasdi...

(Tamom)

KITOBGA BIR QARASAM....

O‘lim to‘shagida yotgan Abu Bakr al ­Xorazmiydan: – Ko‘ngling nimani xohlaydi, ishtahang nimani tusamoqda? – deb so‘raganlarida: – Kitobning yuziga bir qarasam! – deb javob bergan ekan.

Demak, kitobga bo‘lgan mehr inson hayotining so‘nggi lahzalarigacha uning qalbini tark etmas ekan. Bir umr qalblarimizni nurlantirib, atrofdagilarga ham ziyo ulashib turaverar ekan. Zero, «Bir do‘stki, hech kimga bermagay azob, Uzoq sinab ko‘rdim, bilsang u kitob», «Kitob yolg‘izlikdagi eng munis hamdamdir» kabi hikmatlar dono xalqimiz tomonidan bejizga aytilmagan. Yozgi ta’til davomida men fransuz adibi Jyul Gabriel Vernning «Sirli orol», «15 yoshli kapitan», «Kapitan Grant bolalari» asarlarini sevib o‘qib chiqdim. U 65 dan ziyod ilmiy­fantastik, sarguzasht roman, qissa va hikoyalar muallifi ekan. YUNESKO ma’lumotlariga qaraganda, Jyul Vern asarlari tarjima qilinishi jihatidan Agata Kristidan keyin ikkinchi o‘rinda turarkan. Oyning orqa tomonidagi bir krater Vern nomi bilan ham atalarkan. Yozuvchining «Kapitan Grant bolalari» asarida samimiyat, mardlik, oqko‘ngillik, vatanparvarlik, mehr­oqibat, yaxshilik, umid va ishonch kabi oliy insoniy fazilatlar ulug‘langan. Zero, bunday fazilatlar kamdan kam insonlarda uchraydi. Asarni o‘qib, inson o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishi, uni amalga oshishi uchun qiyinchiliklardan cho‘chimasligi kerak ekan, degan xulosaga keldim. Shuningdek, umid va ishonch, ezgu istak, intilish ko‘zlagan maqsadimizga yetishishimizda qo‘l kelishiga ishondim. Menimcha, har bir asarni qo‘lga olishdan avval yozuvchining hayoti, bolalikdagi orzulari bilan tanishib chiqish ham foydali, ham qiziqarli deb o‘ylayman. Insonni ma’naviyat, ma’rifatga yetaklashda kitob mutolaasining ahamiyati katta. Shunday ekan, kitob o‘qish doimiy ehtiyojimizga aylanishini istardim.

Mo‘mina JALOLIDDINOVA,
poytaxtimizning Olmazor tumanidagi
249-umumta’lim maktabining
7-sinf o‘quvchisi

 

 

OLAMGA ULASHGAN NUR

Quyosh borliqni kuzatib, yerga tushish haqida o‘yladi. Har kuni osmonda yurish va botish unga yoqmay qolibdi. Kunlarning birida u tog‘ning ortiga borish o‘rniga, dumalab yerga tushibdi. Bir zumda osmonni zulmat qoplabdi. Yulduzlar ham, Oy ham ko‘rinmabdi. Odamlar uyquga ketibdi. Quyosh bo‘lsa tuni bilan daraxtlarni qo‘llari bilan erkalab, gullarning iforiga mast bo‘libdi. Maysalarning ustida dumalabdi. «Orzumga yetdim, endi bir umr yerda qolaman», debdi o‘ziga-o‘zi. Ertalab soat allamahal bo‘lsa-da, kun yorishmas emish, hamma yoq qorong‘i. Odamlar vahimaga tushibdi. Osmondagi qushlar ham qorong‘idan bir-birlarini ko‘rmay, to‘qnashib ketishibdi. Shu payt qushlarning biri yorug‘likni ko‘rib, u tomon shoshibdi. Qush Quyosh bilan salomlashgach: – Bu yerda nima qilib yuribsiz? – deb so‘rabdi. – Yer menga yoqib qoldi. O‘zim mehr bergan yashil olamni o‘z qo‘llarim bilan e’zozlash orzum edi. Men baxtiyorman, – debdi Quyosh. – Nimalar deyapsiz, sizsiz olam qay ahvolga tushganini ko‘rdingizmi? Quyosh hayron bo‘libdi. Yerdan biroz ko‘tarilib atrofga boqibdi. Atrof qorong‘iligidan hech narsa ko‘rinmabdi: – Nahotki, bu men bilgan Yer sayyorasi bo‘lsa? Insonlar nima qilishyapti? – Ular siz ketganingizdan buyon sarosimada. Sizning o‘rningiz ko‘kda. Tezroq u yerga chiqing. Yer yuziga nur soching, insonlar qalbini iliting. – L e k i n bir umrlik orzum-chi? Hozir ketsam, orzum armonga aylanadi-ku, – debdi Quyosh. – Yer yuzini zimistonga aylantirib baxtli bo‘lolmaysiz, – debdi qushcha chirillab. Quyosh qushning gaplarini eshitib, o‘z mas’uliyatini his qilibdi va yana osmonga ko‘tarilibdi. Go‘zal tabiat manzaralaridan bir o‘zim bahramand bo‘lgandan ko‘ra, bu rohatni barchaga ulashaman, degan to‘xtamga kelibdi.

Sevara MAHMUDOVA, Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi 55-­umumta’lim maktabi o‘quvchisi

 

YAXSHI SO‘Z ILONNI INIDAN CHIQARIBDI...

Qadimda Farg‘ona viloyatining tog‘ etagida bir qishloq bo‘lgan ekan. Qishloqning chekkasida kattakon yong‘oq daraxti bor ekan. Bu daraxt shu qadar baquvvat ekanki, qattiq shamol, yomg‘irlarda ham gullari to‘kilmas e k a n . Yomg‘ir suvlarini bir zumda shimib olar, kuz faslida butun qishloq ahlini mo‘l hosili bilan siylarkan. Hatto yong‘oqlarni qo‘shni qishloq bozorlariga ham olib borib sotishar ekan. Kunlardan bir kun qishloq ahli ertalab barvaqt uyg‘onib qarashsa, tovuqlari, o‘rdaklari, g‘ozlari kamayib qolganmish. Bu hol har kuni takrorlanadigan bo‘libdi. Qishloqning bir ovchisi tun bo‘yi uxlamay o‘g‘rini poylabdi, yostig‘ining ostiga bolta qo‘yib yotibdi. Yarim tunda sudralib kelayotgan bahaybat ilonga ko‘zi tushibdi. Ilon tovuqxona tomon sudrala boshlabdi. Bir tovuqni og‘ziga solib, ini tomonga yo‘l olibdi. Shunda ovchi bir qo‘liga jinchiroq, bir qo‘liga bolta olib ilon tomon yuguribdi. Lekin unga yeta olmabdi. Ilon yong‘oq daraxtining kovagiga kirib ketibdi. Ertalab ovchi bor gapni qishloq ahliga aytib beribdi. Odamlar ilonni azoblab, dumini uzib olishibdi. Shu payt Jo‘raboy ismli qishloqning oqsoqoli kelib qolibdi. Bo‘lgan voqeani tinglab, boshini sarak-sarak qilgancha shunday debdi: – Ey qishloq ahli, xalqimizda shunday maqol bor: «Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi», deb ilon ini tomon borib, – sen bizning qishloq ahlini kechir, ular sening joningga ozor yetkazishibdi, – deyishi bilan ilon sudralgancha inidan chiqib, daryo tomon yo‘l solibdi. Bahodirlar esa qilgan ishidan pushaymon bo‘lishibdi. Bir kuni Jo‘raboy oqsoqol daryo chetida yotgan o‘sha dumi uzilgan ilonga ko‘zi tushibdi. Ilonni ushlab qarasa, hali tanasi issiq ekan. Undan qishloq aholisi nomidan kechirim so‘rabdi. Ilonning shu topda joni uzilibdi... – Daryo toshib, ilonni oqizib ketgan. Agar uning dumi uzilmaganida, biron-bir toshga dumini o‘rab, o‘zini-o‘zi himoya qilgan bo‘lar edi, – debdi oqsoqol qishloqdoshlariga qarata. Qishloq ahli yong‘oq daraxti tagiga ilonni ko‘mishibdi. Keyin ular bundan buyon jonivorlarga ozor bermaslikka so‘z berishibdi.

Azizaxon YO‘LDOSHALIYEVA, Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi 2­umumta’lim maktabi o‘quvchisi

 

Ma'noli hikoya

Antropologiya fani olimi Afrikaning ibtidoiy qabilalaridan birida bolalar bilan quyidagicha o‘yin o‘ynadi. Lazzatli mevalar solingan savatchani bir daraxt tagiga qo‘yib, ularga: "Sizlardan kim birinchi bo‘lib, savatchaga yetib kelsa, uning ichidagi mevalarni qo‘lga kiritadi", dedi. 
"Boshladik" ishorasini berganda olim favqulodda qiziq bir holatning guvohi bo‘ldi. Bolakaylar shirin mevalarga yetishgunlaricha bir-birlarining qo‘llaridan mahkam ushlab, barobar daraxt ostiga yetib kelishgandi. 
Har birlari g‘olib bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘la turib, nega bunday qilganlari haqida olim so‘raganda, bolakaylar taajjub bilan: "Qanday qilib boshqalarimizning baxtsizligi evaziga birimiz saodatli bo‘lishimiz mumkin?!" deya javob qilishdi!
Ular o‘zlaridagi qoida: "Biz bo‘lganimiz tufayli men borman!" qoidasiga muvofiq ish tutishgandi. 
Bu ibtidoiy qabila, o‘zini ulardan afzal va mutaraqqiy biluvchi jamiyatlar yo‘qotib qo‘ygan saodat sirriga ega edi.

Ayman Yog‘iy

SOKTARIDA YASHAYMAN (Voqeiy hikoya)

Bu voqeaga 20 yildan oshdi. Onam hududimizdagi 49-maktabda adabiyot fanidan dars berardilar. Men shu maktabning ona tiliga yo‘naltirilgan maxsus 5­sinfida o‘qirdim. Qattiqqo‘l, talabchan, bir so‘zli ustoz bo‘lganlari uchunmi, onamni hamma hurmat qilar edi. Onam juda gapga chechan, chiroyli hamsuhbat ham edilar. Har bir ishingizga mos maqol aytib, nishonga tegadigan so‘zlar bilan hammani lol qoldirardi. Kunlarning birida onam: «Bugun adabiyot darsida nima o‘qiding?» deb savol berib qoldilar. Men o‘tilgan mavzuni onam istagandek, to‘liq, lo‘nda va chiroyli tarzda aytib berolmadim. Shunda onam, chuqurlashtirilgan sinfda o‘qiyman, deb rosa chuqurga kirib ketibsiz-ku, deya piching qilib, jahli chiqdi. So‘ng, Sadriddin Ayniyning «Sudxo‘rning o‘limi» asarini o‘qib, mazmunini gapirib berish uchun menga bir hafta muhlat berdilar. Men onamdan juda qo‘rqardim. Chunki qizim-ku, deb ayab o‘tirmasdilar. Asarni so‘zma-so‘z yodlab olgan bo‘lsam-da, onamning qo‘lidagi kaltakni ko‘rib, hammasi yodimdan ko‘tarildi. Xullas, onamning menga bergan birinchi savoli shunday bo‘ldi: «Sadriddin Ayniy qayerda tug‘ilgan?» Soktari degan qishloqda tug‘ilganini bilardim, ammo... Yig‘lab turib, «Yangamning qishlog‘ida tug‘ilgan», deya javob qilgandim. Shunda onam miriqib kuldi. Sadriddin Ayniyning tug‘ilgan qishlog‘ini shu tarzda yodimda saqlaganimga o‘zimning ham haligacha kulgim keladi. Shundanmi, adabiyot fanidan o‘qigan har bir mavzum onamning qattiqqo‘lligi, jonkuyarligi tufayli hanuzgacha yodimda. Tasodifni qarangki, taqdir taqozosi bilan bugun onamning xandon kulgusiga sabab bo‘lgan yozuvchining qishlog‘i – Soktarida yashayman.

Marg‘uba HAYITOVA, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi 19-umumta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi

XIYONATNING JAZOSI

(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda)

Qadim-qadim zamonda kunchiqar tomonda baland cho‘qqilardagi oppoq qorlarni ko‘z-ko‘zlab turgan tog‘lar yonida xilvatgina bir qishloq bor ekan. Bu yerning odamlari mol-qo‘y boqar, mevalardan quritib, bozorga chiqarib sotar ekan. Ayollar ro‘zg‘or yumushlarini bajarar, erkaklar esa dala ishlari bilan mashg‘ul bo‘lar ekan. Mana shu mo‘jazgina qishloqchada ikkita tengqur o‘rtoq yashar ekan. Bir kuni ikkovlari o‘tirib: – Do‘stim, mana, yoshimiz ham bir joyga borib qoldi. O‘g‘il-qizlarimiz ham voyaga yetdi. Endi shu angishvonadek kichkina qishloqda yashamay dunyoni bir aylanaylik, armonimiz qolmasin, – deyishibdi. Bu fikr ikkovlariga ham ma’qul bo‘libdi. Xurjunga oziq-ovqatni g‘amlab, safarga otlanishibdi. Bir yurtga borib ko‘zalar, kosalar, laganlar qanday tayyorlanayotganini ko‘rib, zavqlanishibdi. Yana bir o‘lkaga borib, 50 metr balandda, ingichka arqon ustida bir yigitcha qo‘lidagi ikki quloch kaltakni ushlab yugurib borayotganini ko‘rishibdi. Yana bir mamlakatga borishsa, katta-katta do‘konlarda dunyoga sig‘mas matolar sotilayotganiga guvoh bo‘lishibdi. Lekin ortga qaytayotib, ularning yo‘llari nogahon sahroi biyobonga to‘g‘ri kelib qolibdi. Yo‘lni yaxshi bilmaganlari uchun ikki do‘st goh o‘ngga, goh chapga qarab yurishibdi. Axiyri holdan toyib, charchab, bir to‘p yulg‘in tagida dam olmoqchi bo‘lishibdi. Shunda ularning biri darmonsizlik tufayli hushidan ketib qolibdi. Sherigi hali hushyor, oyog‘ida kuchi, belida quvvati bor ekan. U «Bu yerda baribir ochlikdan, suvsizlikdan o‘ladiganga o‘xshaymiz. Ikki kishidan ko‘ra bir kishi o‘lgani yaxshi emasmi?!» deya o‘rtog‘ining xurjunidagi ozgina nonni, idishda ortib qolgan suvini olib, yo‘lga tushibdi. Shu payt behush yotgan odamning sal narisidan karvon o‘ta boshlabdi. Tuya minib ketayotgan bir yigitning ko‘zi nogahon yerdagi holsiz tanaga tushib, hamrohlarini chaqiribdi. Karvondagilar borsa, pahlavondek yigit behush yotgan emish. Unga suv bergach, yigit o‘ziga kelibdi va «Rosa ko‘p uxlaganga o‘xshayman», debdi. So‘ng, yonidagi bo‘shab qolgan xurjunini olib, karvonga qo‘shilibdi. Karvon boshlig‘i yigitni tuyaga mindirib qo‘yibdi. Ular yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Bir mahal karvonni boshlab borayotgan yigit: – Xojam, anavi yerda bir odam jonsiz yotibdi, – debdi. Karvonga qo‘shilgan yigit borib qarasa, yerdagi odam do‘sti ekan. Bu holatdan uning hushi boshidan uchibdi. – Axir bu do‘stim-ku! Mana bu xurjun, mana bu sanoch esa meniki, – deb dod-faryod chekibdi. So‘ng, cho‘kka tushib, do‘stini turg‘azishga harakat qilibdi. Ammo endi juda kech edi... Ko‘pni ko‘rgan karvonboshi: – «Yolg‘iz yurganni bo‘ri yeydi», degan gap bor, buni hech birimiz unutmaylik, – debdi. Shunday qilib, xiyonatchining qabri sahroi biyobonda qarovsiz qolib ketibdi.


Xudoyberdi TO‘XTABOYEV, O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

FAROSATLI BOLA
(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda)

Qadim zamonda yozi sermeva, qishi serqor bir mamlakatda qulchilik avj olgan ekan. Qullar o‘z xohish-ixtiyori bilan yashay olmas, butun borlig‘i egasining ixtiyorida ekan. Hatto ayrim zolim qul egalari qo‘l ostidagilarni qanday qilib o‘ziga bo‘ysundirishni boshqalarga namoyish qilish maqsadida ularni oftobga qo‘yib, yog‘i erib ketgunicha ushlab turarkan. Yoki qattiq sovuq havoda qul bechoralarni muzlab qolguniga qadar tashqarida qoldirarkan. O‘sha zamonlarda bozorda qullarning narxi yoshiga qarab belgilanar ekan. Ayniqsa, o‘smir-yoshlarning narxi juda baland bo‘larkan. Kunlarning birida ana shunday o‘smirlarning besh-oltitasini arqonga bog‘lab, qul bozoriga haydashibdi. Ular tor yo‘llar, changalzorlar, goh suvsiz sahro-yu biyobonlar, goh zaharli ilonlar yashaydigan vodiylardan o‘tibdi. O‘smir qullar orasida ko‘zlari chaqnab turgan bir bola ham bo‘lib, ismi Lochin ekan. Lochin hamqishloqlari bilan keta turib, ularga bir gapni aytibdi: – Bilasizlar, ilgari ham qul bo‘lib sotilganman. Bir amallab qochishni uddalaganman. Mana yana qo‘lga tushdim. Shu bois, qul bo‘lgandan ko‘ra yaxshisi ozodlik yo‘lida o‘lganimiz yaxshi. Tunda egalarimiz o‘tov ichida sham yoqib, oshiq o‘ynab, bir-birlariga bizni sotishadi. Xo‘p desanglar, ana shu o‘yin avjiga chiqqan mahal yonimda yashirib qo‘ygan pichog‘im bilan arqonlarni kesaman. Keyin birgalashib qochamiz! Rozi bo‘lsanglar, ishni reja qilaman, – debdi. Bunga barcha rozi bo‘libdi. Uchinchi kun kechasi oshiq o‘yini rosa qizibdi. Shu mahal Lochin qo‘lidagi kichkina xanjar bilan avval hamqishloqlari, so‘ng o‘zining qo‘li va oyog‘idagi arqonlarni kesibdi. Barcha qullar changalzor oralab noma’lum tomonga qarab qochibdi. Ular bir kecha-yu bir kunduz yo‘l yuribdi. Birovining oyog‘iga tikon kirib qonagan, yana biri suvsizlikdan holdan toyibdi. Shunda Lochinning bobosidan eshitgan gap yodiga tushibdi: «Ey o‘g‘lim, aqling bor, uni ishlatish uchun farosat ham kerak. Xudodan nimani so‘rasang, beradi. Faqat har doim aqlingni ishlatib, farosat bilan ish ko‘r», derkan. Axiyri qochayotganlar bir to‘p yantoq yonida to‘planibdi. Lochin «Shu yantoqning tubida suv bo‘lishi kerak, agar suv bo‘lmaganida edi, mana bu yerlar ham allaqachon qurigan bo‘lardi», debdi. So‘ng, qo‘lidagi xanjar bilan yantoqning tagini kovlabdi. Qarasa, ularga yetarli suv bor ekan. Yigitlar suv ichgach, anchayin tetik bo‘lishibdi. Yaratganga shukronalar aytib, yana yo‘lga tushibdi. Bu sahroning yomon tomoni bor ekan: kunduzi odamlar jazirama issiqdan, suvsizlikdan rosa aziyat chekar, tunda shunday qattiq sovuq bo‘lar ekanki, tirik jonning omon qolishi mo‘jiza ekan. Sovuqdan diydiragan yo‘lovchilar nima qilarini bilmay turganda yana Lochinning xayoliga bobosining «Ikki toshni bir-biriga ursang, uchqun chiqadi. Uchqunni yumshoq bir narsaga tutashtirsang, olovga aylanadi», degan gapi yodiga tushibdi. So‘ng u ikki toshni topibdi-da, bir-biriga urishtiribdi. Shunda qurib qolgan o‘t-giyohlarga uchqun tushib, alangalabdi. Oltov qochqin quruq shoxlar topib kelib isinibdi. Shu tariqa ular jonlarini omon saqlab qolibdi. Erta tongda bolalar yana yo‘lga tushishibdi. Bir necha kun och-nahor, suvsiz yo‘l bosishibdi. Ayrimlari holsizlanib, hushidan keta boshlabdi. Qolganlari ham bir-biriga suyanib, arang yurib borishardi. Shu tariqa ular shovullab oqayotgan daryo bo‘yiga borib qolishibdi. Bu paytda olti qochqindan ikkitasigina hushida ekan. Lochin daryodan hovuchlab suv keltirib, ularga ichiribdi. Hushidan ketganlar asta o‘ziga kela boshlabdi. Keyin atrofni kuzatishibdi. Qarashsa, bu yerda mevali bog‘lar juda ko‘p ekan. Qochqinlar shirindan shakar mevalardan olib yeyishibdi. Asta kuch-quvvatga kirgach, daryo bo‘yida yashay boshlashibdi. Taqdirni qarangki, ular uch o‘g‘il, uch qiz ekan. Yaratgan yoshlarning ko‘ngillariga mehr-muhabbat tuyg‘ularini solibdi va ular turmush qurishibdi. Vaqtlar o‘tib, navbati bilan har oilada farzandlar dunyoga kelibdi. Bora-bora daryo bo‘yidagi so‘lim maskanda Qulobod degan bir qishloq paydo bo‘libdi. Shunday qilib, bir yosh o‘smirning aqli va farosati tufayli qullikda yo‘q bo‘lib ketishi mumkin bo‘lgan yigit-qizlar omon qolishibdi. Qissadan hissa shuki, aqlli va farosatli inson bu hayotda juda ko‘p baxt va omadga erishadi.

Xudoyberdi TO‘XTABOYEV, O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

Sharh qoldirish
  1. Assalomu alaykum, nashr etilgan gazeta sonlarining elektron shakllari ham mavjudmi? Mavjud bo'lsa - qaysi ssilka bo'yicha o'tiladi? Javob uchun oldindan rahmat!