Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Bolalik – baxtning quchog‘ida quvnab yurgan totli damlarim. Uning shirin onlarini hanuzgacha sog‘inib yashayman. Tog‘ yo‘lida so‘qmoqlar osha kezib yurgan kunlarim qaytishini istayman. Hayotning betakror darsini bobomdan olganman. Tog‘ning uzundan uzoq yo‘llari ko‘nglimni tog‘ etgan. Ikki kecha-kunduz yayov bosib o‘tiladigan u yo‘llarda tinib-tinchimas qishloqdoshlarimning nurli dunyosi meni borliqqa mahliyo etgandi. Biz ulovlarimizni oldimizga solib, yuqorilab boraverardik-boraverardik, xuddi ertaklardagidek yo‘lning oxiri ko‘rinmasdi. Eshaklarimiz ham yukning og‘irligidan bir amallab yuqoriga ko‘tarilardi. Eh, men bilgan u bobolarning yurgan yurishi-yu turgan turishi katta dars edi. Ularning so‘zlari zavqimga zavq, kuchimga kuch qo‘shardi. Bugun qani imkoniyati bo‘lsa edi... U chollar bilan chordona qurib bir maydon suhbat qursam, degan o‘y tinimsiz xayolimdan kechadi. Ammo endi kech, ularni dunyoning to‘rt burchini izlab ham topolmayman.

«Tog‘lar ham qariydi» nomli hikoyalar to‘plamimda bobom bilan bog‘liq bo‘lgan tog‘ yo‘lidagi safarimdan parcha keltiraman: Bobom o‘sha-o‘sha kamgap. Turib-turib o‘zicha xirgoyi qiladi. Xirgoyi qilganda ham so‘zlarning salmog‘i borini, yurakning tinchini buzadiganini topib aytadi. Yuraverganimdan mening qornim ochqaydi. – Bobo, ozroq dam olaylik, och qoldim, – desam, u kishi miyig‘ida kulib: – Senga nima balo bo‘lgan o‘zi, bir zo‘r mullani topib, bod o‘qitishing kerak, – deydi. – Och qoldik-da, bobo, – deya xurjunga qo‘limni tiqaman. Bobomning dardi yangilanadi, bolaligini eslaydi... – Bir paytlar tog‘ y o ‘ l i d a otam bilan borayapmiz. O‘shanda olti-yetti yoshdaman, ochlik yillari. Otamga sira yetib yurolmayapman, otam bir buloqning bo‘yiga o‘tirib oldilar-da, yonidan menga bir burda taxta kunjara chiqarib berdi. Men kunjarani ishtaha bilan yeyishga tushdim. Bu payt otamning o‘zi bir burda arpa nonini suvga botirib yeganiga ko‘zim tushdi. O‘shanda arpa noni k o ‘ z i m g a dunyodagi eng noyob narsadek ko‘rindi. Kunjara yeyishdan to‘xtadim. Otamdan ozroq non berishini so‘radim. Otamning g‘azablanganini o‘shanda ko‘rganman. U kishi menga qarab: – Sen yoshsan, hozir toshni yesang ham hazm qilasan. Men-chi, men... Bordi-yu, yo‘lda sen ochlikdan yiqilib qolsang, men seni ko‘tarib manzilga yetkazib boraman. To‘g‘rimi? Agar men ochlikdan yiqilib qolsam-chi? Sen meni hech qayoqqa olib borolmaysan. Negaki, sen yosh bolasan, kuching yetmaydi. Unda ikkimiz ham nobud bo‘lamiz, uqdingmi?.. Mana, sizga ochlik bilan kurashib borayotgan ota­bolaning mahzun holatidan bir lavha. O‘sha zamonlarda yashash qanchalar og‘ir kechganiga guvoh bo‘ldingiz. Ota farzandini olis tog‘ yo‘lidan omon­eson saqlab o‘tishi uchun kurashadi. Sizning xayolingizdan ota­bolaga nisbatan ozroq oshirib yubormadimi, degan o‘y kechadi. Ammo, nachora, hayot qozonida gohida mana shunday pishishga to‘g‘ri keladi... Bu voqealarni yodga olishimning sababi, bugungi to‘kin­sochin davr­u zamonlarda bolalarimizning qiyinchilik ko‘rmay ko‘p narsalarga beparvo bo‘lib borayotganidir. U kun horib­tolib avtobusga chiqdim. Yo‘lovchilar orasidagi sovuq manzara xayolimni ostin­ustin ayladi. Quloqlarida quloqchin taqqan ayrim «quloqsiz» o‘g‘il­qizlarimiz yoshi kattalar oldidagi mas’uliyatini butunlay unutib yuborganga o‘xshardi. Aksariyat yoshlar o‘tirib, yoshi ulug‘lar oyoqda turib borardi. Bobolarimiz bizga, sen endi bo‘zbola bo‘lib qolding, deya murojaat qilardi. Bo‘zbola degani, kundan kun kuch­quvvatga to‘lib borayotgan, chamasi o‘n ikki­o‘n yetti yoshlarda bo‘lgan o‘smirlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bo‘zbola hayotning to‘qnashuvlariga qarshilik qila oladigan, emin-erkin fikrlaydigan o‘spirinlarga nisbatan qo‘llaniladigan so‘zdir. Men negadir o‘shanday bolalar o‘rnida o‘zini tutishni bilmaydigan axloqi ham haminqadar bo‘lgan bez bolalar ko‘payib borayotganidan tashvishlandim. Ularning ko‘p narsaga aqli yetsa­da, yuzingga bezrayibgina qarab o‘tirishadi. Nigohingning otashiga dosh berolmasa, beixtiyor telefonini titkilashga tushadi. Aziz o‘quvchi! Yuqoridagi voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, hamisha bo‘zbola bo‘lib qolishni unutmang!

AXTAMQULI