Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Samimiy hazillar, ichakuzdi hangomalar bilan barchaga xushkayfyat ulashish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu ishning uddasidan chiqadiganlarni esa e’zozlab «so‘z ustasi», deymiz. Gapso‘zlari, xatti-harakati, imo-ishorasi bilan atrofdagilarga ko‘tarinki kayfyat ulashadigan bunday insonlar davrasiga oshiqamiz, ularning dilkash suhbatlariga hamisha tashnamiz, ulardan yangi-yangi hangomalar kutaveramiz. Ana shunday so‘zi qiziq, so‘zidan ham o‘zi qiziq so‘z ustalaridan biri Avaz Oxunni hammamiz yaxshi taniymiz.Uning samimiy so‘z o‘yinlari, beg‘ubor hazillari, beg‘araz hangomalarini ko‘p eshitganmiz, hatto davralarda ham aytib yuramiz. Ammo Avaz Oxunning bolaligi qanday o‘tganini ko‘pchilik bilmasa kerak. Bugungi suhbatimiz so‘z ustasining bolalik davri haqida kechdi.

– Men 1983-yilning 27-aprelida Andijon viloyati, Asaka tumanida tug‘ilganman. Oilada 4 nafar farzandmiz – uch o‘g‘il, bir qiz. Ota-onam bizni yoshligimizdan mehnatsevar qilib tarbiyaladilar. Otam ko‘pincha ishda bo‘lardi. Uydagi qo‘y-qo‘zilarga qarash, daladan o‘t o‘rib kelish, ukalarimga ko‘z-quloq bo‘lish mening zimmamda edi. Bolaligimda juda sho‘x bola bo‘lganman. Bir kuni uyimiz oldida o‘rtoqlarim bilan futbol o‘ynayotgan edik. Bir do‘stim, koptokni mana bunday tepadi, deb bor kuchi bilan to‘pni tepganida, koptok uchib borib, mashina yo‘liga chiqib ketdi. Men esa katta yo‘lga chiqib ketgan koptokni olib kelaman, deb avtohalokatga uchraganman. Haydovchi meni mashinasiga solib, shifoxonaga olib kelgan. Jiddiy jarohat olmagan bo‘lsam-da, bir-ikki kun maktabga bormaganman. O‘quvchilik davrimda sinfdoshlarim bilan birga dalaga paxta tergani borar edik. Baʼzan issiqda paxta terishga erinib, tarozida og‘irroq tosh bosishi uchun tergan paxtamizning ichiga tosh, tuproq solib olar edik. Аmmo bir kuni tarozibon buni sezib qoldi. Keyin hammaning ko‘z oldida paxta solingan etagimni yerga ag‘dardi. Qopdan birin-ketin toshlar dumalab ketdi. «Bu nima qilganinglar? Аxir bu o‘zingni, oilangni, qolaversa, Vataningni aldash degani, xiyonat-ku bu», dedi brigadir amaki g‘azabdan yuzlari qizarib. O‘sha payt qaniydi yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsam... Shu uyatli voqea saboq bo‘lib, do‘stlarim bilan bundan buyon hech qachon qing‘ir yo‘ldan yurmaslikka ahd qildik. Yuqorida aytganimdek, bolaligimda yerga ursa ko‘kka sapchiydigan bola bo‘lganman. O‘sha paytlar Bryus Li, Jeki Chan ishtirokidagi badiiy flmlar ommalashgandi. Mahalladagi d o ‘ s t l a rim bilan tomlarda ularning harakatlarini takrorlashni xush ko‘rardik. Maktabda o‘qiy boshlagach sho‘xliklarim biroz bosilgan. Gapirishni yaxshi ko‘rardim. Gaplarim ichimga sig‘masdi. Ustoz qiziqchilar Hojiboy Tojiboyev, Sobit Asomov, Obid Asomov, Mirzabek Xolmedovlarni chiqishlarini kuzatib, ularga havas qilardim. Bir o‘zim qolgan kezlarim, qaniydi men ham ustozlardek qiziqchi bo‘lsam, aytgan hangomalarimni eshitib odamlar miriqib kulishsa, deya niyat qilardim. Maktabni bitirgach, to‘rt yil o‘tib O‘zbekiston Davlat sanʼat va madaniyat institutiga o‘qishga kirganman. O‘qishni bitirib, teleekran orqali namoyish qilinadigan kichik-kichik hajviy ko‘rsatuvlarda chiqa boshladim. Latifalarimni asosan, o‘zim yozaman. Kitobdan hayotiy voqealardan taʼsirlanib yozgan baribir boshqacha-da! Sahnadayam har xil vaziyat bo‘ladi-da. O‘z nomi bilan bizni so‘z ustalari, deyishadi. Shuning uchun qiziqchida hozirjavoblik, topqirlik bo‘lishi kerak. Bolalarga, o‘quvchilarga ko‘p kitob o‘qishni tavsiya qilaman. Zamon o‘qiganniki! Shunday ekan, vaqtingizdan unumli foydalanib o‘qishga, uqishga ulgurib qoling. Axir aytadilar-ku, «Yoshlikda olingan ilm, toshga o‘yilgan naqsh kabidir», deb...

Аzizbek АBDUMALIKOV,
poytaxtimizning Chilonzor
tumanidagi 202-umumta’lim
maktabining 9-sinf o‘quvchisi