Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Inson borki, orzu qiladi. Kerak bo‘lsa, orzusiga yetishish ilinjida hamma narsadan voz kecha oladi. Ammo dunyoda yagona zot borki, u biz – farzandlari uchun o‘z orzularidan voz kechgan. Unda adog‘i yo‘q muhabbat, tog‘lardan ulkan sabr-qanoat, bahodirlar matonati, donishmandlar bashorati mujassam. Afsuslar bo‘lsinki, oramizda bu buyuk zotning qadriga yetmaydiganlar ham yo‘q emas. Mushtipar onasini «Qariyalar uyi»ga olib borib qo‘yayotganlar qancha yoki bo‘lmasa, bir hovlida tursa-da, ro‘zg‘orini bo‘lak qilib olgan yuzsiz farzandlar qancha nafsining quliga aylanib, «nobakor» degan nom olib, onasinig boshini egganlar qancha... Bunday kimsalarga qarata: «Ey, nobop farzand, sen mehribon volidangni uyingga sig‘dirmayotgan bir paytda, qayerdadir onasining bir soniyalik mehriga bor bisotini, mol-mulkini, dunyosini almashishga tayyor insonlar bor», degingiz keladi. Sen tirik onangni o‘z hovlingda «begona»ga chiqarganingda, qaysidir qabristonda qabr ustiga boshini qo‘yib, soatlab yig‘layotgan, onasini tiriklik chog‘ida qadriga yetmagani, e’zozlamagani uchun afsus-nadomatlar chekayotgan insonlar bor. Dunyoning bor boyligini, xazinasini yig‘sang ham, bir kunlik ona bedorligining tovonini to‘lashga yetmaydi. Nahot, biz volidamizga dunyolarni emas, ozginagina mehr bera olmasak. Biz uchun hamma narsaga qodir, insonni xursand qiladigan nimadir qila olmasak?!

Hurmatoy NISHONBOYEVA,
Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidagi
22-umumta’lim maktabi o‘quvchisi