Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

O‘tgan yili «Yoshlar kuni» arafasida tuman hokimligi istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tgan tadbir biz yoshlarning ko‘ngil kitobimiz sahifalarida o‘chmas iz qoldirgan.

Mana, maktabni ham tugatib oldik. O‘n bir yil qadrdon bo‘lgan go‘sha, qadrdon sinfdoshlar bilan xayrlashish qanchalar og‘irligini endi his qilayapmiz. Bugun barcha sinfdoshlarimiz maktabga yig‘ildik. Betakror damlarimiz o‘tgan sinfxonaga, sevimli maskanimiz bo‘lgan kutubxonaga kirdik. Sevimli gazetamiz «Tong yulduzi»ning o‘quvchilik davrimizdagi oxirgi iyun oyi sonlarini qo‘lma-qo‘l o‘qidik. Sahifalar yuragimizga ko‘chdi. Nahotki, bolaligimizdan qadrdon bo‘lgan gazeta bilan ham xayrlashayotganday allanima bo‘g‘zimni kuydirib o‘tdi. Bugungi kunimiz ham tarixga aylanayapti-ya... Bizni matbuotga oshno qilgan, har bir ijodiy inshoimizni o‘qib ruhlantirgan muallima Aziza Boymurodovaga mehrim bo‘lakcha. Bir kuni ustozning yoniga borib so‘radim: – Ustoz, nahotki, «Tong yulduzi» bilan xayrlashsak?» – O‘zing xayrlashishni xohlamasang bo‘ldi. Gazeta sen bilan! Men adashmasam, to‘rtinchi sinfligimdan 1980-yildan beri, qariyb qirq yildan beri «Tong yulduzi» bilan birgaman. Mehrim balandligidan sizlarga ilinishdan charchamayman. Hanuz xayrlashgim yo‘q, har bir sahifasida bolaligimni ko‘raman. Respublikamizning turli maktablarida tahsil olayotgan yoshlar, imkoniyatlari, yutuqlari bilan tanishib, sizlarni tanishtirib zavq olaman. Yoshlar uchun imkoniyatlar eshigi ochilgan diyorda o‘qib-o‘rganish, jamiyatga munosib bo‘lishda katta hikmat bor. Siz kabi ma’rifatli yoshlarga havas qilmagan odam yo‘q. Ilohim, ilm, ma’rifat, so‘zga oshnolik, iymon-u saxovat hamisha hamrohingiz bo‘lsin, – dedilar Aziza opa. Ustoz aytgan har bir tilak zamiridagi beqiyos mehr, muhabbat yuraklarimizga ko‘chdi. Matbuot, adabiyot hamisha biz bilan birga bo‘lishiga ustozlarga munosib bo‘lishga ahdlashdik. Xudo xohlasa, oliygohlarda o‘qib, ustozlar ishonchini oqlashga, sizlar kabi ma’naviy targ‘ibotchi bo‘lishga bel bog‘laymiz.

Zarnigor QO‘CHQOROVA,
Samarqand viloyati,
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi
28­maktabi bitiruvchisi