Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

O‘zini har ko‘yga solib, turli «imij»da rasmga tushayotganlar, qolaversa, ushbu rasmlarni turfa ko‘ngilochar ijtimoiy tarmoqlarga joylayotganlarga gohida hayron qolaman. Bemor dorisini ichmagunicha o‘ziga kela olmaganidek, telefon ham ayni kunda xumorbosdi «dori»dek bo‘lib qoldi, nazarimda. Ko‘p o‘ylayman: muammoning asl ildizi qayerga borib taqaladi? 
Menimcha, biz maqsadlarimizni unutib qo‘yganimizdagina vaqtimizni behudaga sovuramiz. Ma’naviy immunitetimiz kamaygandagina, bizni atrofdagi keraksiz fikrlar o‘z qobig‘iga o‘ray boshlaydi. 
Aql bilan fikr yuritishda kitob mutolaasining ahamiyati beqiyos. Oilamizdagi yaxshi muhit meni hamisha kitobxonlikka oshno etgan. Bo‘sh vaqtim unchalik ko‘p bo‘lmaydi. Rasmga tushish, albatta, menga ham yoqadi. Biroq, har ishda me’yorga amal qilgan ma’qul. Zero, u ko‘payib ketsa, zararli odatga aylanib boradi. Shunday ekan, siz selfini tanlaysizmi yoki vaqtingizni unumli sarflab, hayotda o‘z o‘rningizni topishni?

Robiya ORTIQBOYEVA,
Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanidagi 16-umumta’lim maktabi o‘quvchisi, «Qaqnus» adabiyot to‘garagi a’zosi