Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Ahmadali SHERNAZAROV,
«Xalq so‘zi» gazetasining Sirdaryo viloyati bo‘yicha muxbiri, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi

O‘quvchilik davrim – o‘tgan asr­ning yetmishinchi yillari ikkinchi yarmida ayni shu nashrda ilk maqola, xabarlarim e’lon qilingan. Esimda, maqolalarim chiqqach, menga respublikamizning turli hududlaridagi tengdoshlarimdan o‘nlab xatlar kelar edi. Har gal yangi maqolam chop etilganida, maktab direktorimiz «lineyka» yig‘inlarida meni o‘rtaga chiqarib, maqolam chiqqanini e’lon qilar va maqtab qo‘yar edi. Yana «Yangiyer tongi», «Sirdaryo haqiqati» gazetalarini ham bolalikdagi orzu yo‘limning bir bo‘lagi deb bilaman. Ijodiy mahoratimni oshirishimda esa «Sirdaryo haqiqati», «Xalq so‘zi» gazetalaridagi ustozlarimdan bir umr minnatdorman.
Shu o‘rinda aytishim lozimki, gazetalarni ham hurmatli ustozla­rim qatorida ko‘raman. Negaki, ularni o‘qib, ko‘p narsa o‘rgandim. Eng muhimi, o‘quvchiligimdayoq ularda chop etilgan maqolala­rimdan rag‘batlanib, jurnalistika bo‘yicha oliy ta’lim oldim, bolalik orzumga yetdim. Kamtarona mehnatim yuksak e’tirof bilan qadrlandi. Zero, mehnat keltirgan baxt-u saodat dunyodagi eng bebaho ne’matlardan biridir. 
Istagim, mamlakatimizdagi har bir o‘g‘il-qiz o‘z orzusiga yetishish yo‘lini o‘qishda, izlanishda, ustoz­lar, ota-onalar o‘gitlariga amal qilishda deb bilib, maqsadlariga yetsinlar, har birlari tanlagan kasb­larining mohir ustalari bo‘lsinlar!