Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Toshkent shahrini aylanar ekanman, qayerga qaramay, ko‘zim turli ajnabiy nomdagi peshtaxtalarga tushadi. Oxirgi paytda shunday narsalarga ko‘p e’tibor qaratyapman. Gohida oftobdan boshim gangib o‘zimni boshqa bir shaharga tushib qolgandek his qilaman. Eng ko‘p e’tiborimni tortgan nom «Oqtepa lavash» bo‘ldi. Qayerga qaramang, lavashxona. Lavashxonaning nomi esa – «Oqtepa»!

Darhaqiqat, bugun nafaqat yoshlar balki kattalar ham «Oqtepa» so‘zini eshitsa, ko‘z oldida lavash­xona gavdalanadi. Tan olish kerak, yoshlar «Oqtepa»ni lavashxona deb biladi! Joy nomining tarixi, ulug‘ nomi bir chetda qolib, ajnabiy yegulikning brend nomiga aylangandek, go‘yo. Bularning bari e’tiborsizligimiz, ko‘r-ko‘rona xorijliklarga taqlid qila­yotganimizdan dalolat. «Oqtepa» yodgorligiga qadimgoh sifatida emas, oddiy nigoh bilan qaraymiz.

Mana shu fikrlar meni Oqtepaning tarixini o‘rga­nishga undadi. Buni qarangki, ijtimoiy tarmoqlarda uning tarixi, yodgorliklari haqida ma’lumot juda oz bo‘lib, shu yerda ham faqat lavashxona-yu, «Hod-dog» sotish shaxobchalari haqidagi ma’lumotlar topildi. Bu esa meni yanada izlanishga undadi. Shunday qilib, bu haqida tarix fani o‘qituvchimiz Shohrux Toshxo‘jayevdan so‘rab, bilmaganlarimizni bilib oldim. Ustozim Oqtepa hududida Toshkent hokimligining birinchi tanga pullari topilgani, bu davrda barcha mayda shahar va qo‘rg‘onlar Shosh (Choch) va Iloq (Eloq)qa birlashgani haqida so‘zlab berdi. Qal’alari va mayda shaharchalari ko‘pligi uchun «Shosh – ming qal’ali davlat», deb ta’riflangan ekan. Shulardan biri, Toshkentning shimoli (hozirgi shahar hududi)da joylashgan Oqtepa qo‘rg‘oni bo‘lib, u mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Ilk o‘rta asr shaharlarining arki va shahristoni bo‘lgan. Chilonzor Oqtepasi esa Toshkentning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan arxeologik yodgorlik hisoblanadi. Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi tekshi­ruvlariga ko‘ra, bu yerda balandligi 15 metrli tepalik bo‘lib, atrofida umumiy maydoni 60x75 m2 kela­digan qadimiy qishloq xarobasi qoldiqlari joylashgan ekan.

«Toshkent» ensiklopediyasida yozilishicha, Oqtepa qurilishi 3 bosqichda amalga oshirilgani aniqlangan ekan. Birinchi bosqichda (V–VI asrlar) qal’aning ichki qismidagi bir nechta xona va yo‘Iaklar saqlanib qolgan. Oq tepa baland qasr (maydoni 80x80 m), hovli va qasr etagida joylashgan saroy tipidagi inshootdan iborat bo‘lgan. Ansambl mudofaa devori va handaq bilan o‘ralgan. Qasrga g‘arb tomondagi xandaq ustiga qurilgan osma ko‘prikdan o‘tilgan. Ko‘prikdan o‘tilgach, labirint ko‘rinishidagi darvozaga, so‘ngra hovliga kirilgan. Darvozalar oldida qo‘riqchilar xonasi, shimolda saroysimon inshoot, qasr joylashgan.

Fursatdan foydalanib, men nuroniylardan biz yoshlarga mazkur joy nomi bilan bog‘liq xotiralari haqida aytib berishlarini so‘ragan bo‘lardim. Madaniyat vazirligidan esa mazkur masalaga e’tibor qaratishlarini, qadimiy yodgorlik bo‘lgan shahar – Oqtepa tarixini biz kelajak avlodlarga o‘z nomi ostida, o‘zining buyuk tarixi bilan shundayligicha asrab yetkazilishini ta’minlashlarini so‘ragan bo‘lardim.

 

Azizbek ABDUMALIK o‘g‘li,

poytaxtimizdagi 202-umumta’lim maktabi o‘quvchisi

 

* * *

Lavash yegan ey yoshlar,

Tarixga bir bor qarang.

Ko‘hna Toshkent tarixin

Bosib ketmoqdadir zang.

 

«Shosh» atalmish poytaxtni

Dubayga almashtirmang.

O‘zbekning palovini

Lavashga tenglashtirmang.

 

Qayda qoldi milliylik,

Qoldi qaylarda nomus?

Qoldi varaqda yig‘lab,

Qoshg‘ariy yozgan qomus.

 

Nyu-York, London, Madrid,

Oqtepadek bo‘lolmas.

Qadimiy Toshkentimning

Aslo o‘rnin bosolmas.

 

Dunyoning shaharlari

Qalbimizga sig‘maydi.

Lavashlarga ko‘milgan –

Oqtepa qon yig‘laydi...