Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Ushbu ta’rifni o‘qib, qaysi asar haqida gapirmoqchi ekanimni tushungan bo‘lsangiz ke­rak. Ha, to‘g‘ri angladingiz, gap O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» qissasi haqida boryapti. Badiiy asarlarni mutolaa qilish, asardagi voqealarni anglab yetish kitobxon uchun eng katta baxt, deb bilaman. Asarni o‘qib, men shuni his qildim. Adabiyot darslarida kitobdan olingan «Qarz», «Haqqush», «Gilampaypoq», «Oq marmar, qora marmar», «Iltijo» hiko­yalarini o‘qib o‘rgandik.

Kitobdagi har bir hikoyani o‘qib chiqarkansiz, voqealarda qahramonlar bilan birga bo‘lasiz: ularning quvonchiga sherik bo‘lasiz-u, dard-u tashvishlarida birga ezilasiz... 
To‘rtinchi hikoya – «Haqqush»da adib yozadi: «Onalar farzandlarini hamisha birga bo‘lishini istaydilar. Qismat esa ularni qanot chiqarishi bilan har yoqqa uchirib ketadi. Hayot loaqal shu masalada ham onalarga shafqat qilmaydi». Ushbu satrlarni o‘qigan kitobxon ongida hamma onalar o‘z farzandlarini doimo ahil va birga bo‘lishlarini istaydi, degan fikrlar keladi. 
Hikoyani o‘qib, ukam bilan janjallashgan paytla­rimda onamning nasihatlari esimga tushdi. Asar aka-uka, opa-singillar o‘rtasidagi mehr-oqibatni yanada kuchaytiradi, desam, mubolag‘a bo‘lmas. Qalbda ezgu hislar uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. «Xiyonat» hikoyasini o‘qidim-u, hayot haqiqatini anglab yetdim. Eng yaqin do‘sting ham bir kun kelib senga xiyonat qilishi mumkin ekan. Lekin birgina inson borki, u senga hech qachon xiyonat qilmaydi, bu mo‘tabar onadir. Asarni yakunlarkanman, volidamga mehrim yanada ortdi.
Qissaning 32–33-hikoyalarini o‘qigan kitobxon ko‘ziga yosh olishi tabiiy. Chunki men «Oq marmar, qora marmar» hikoyasini o‘qib, eng katta yo‘qotish – hayotda onadan ajralish ekanligini bildim. Ko‘pchilik insonlar onasining qadriga uni yo‘qotgachgina yetadi. Ona­larni tirikligida aziz tutish, qalbiga ozor yetkazmaslik kerakligini uqdim.
Xoh ishoning, xoh ishonmang, hatto yozuvchining o‘zi ham «Iltijo» hikoyasini yig‘lab yozgan ekan. Bu haqda yozuvchi rafiqasi o‘z xotiralarida bayon qilib o‘tgan. Bir so‘z bilan aytganda, adibning «Dunyoning ishlari» qissasini – «So‘zdan onaga qo‘yilgan haykal!» deb bilaman. Kitob mutolaa qilishdek ezgu fazilatga ega bo‘lgan har bir kitobxon bu qissani o‘qisin. Asar onalarni sevishni, ardoqlashni, qadrlashni o‘rgatadi.

Mashhura MANSUROVA,
Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumanidagi
24-umumta’lim maktabi o‘quvchisi