– deydi Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-umumta’lim maktabi muallimasi, O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Huri SOLIYEVA.

Maktabga ilk bor qadam qo‘yganimda birinchi ustozim Dilbar opa Sulaymonova meni mehr bilan kutib olganlari esimda. Ular o‘tgan har bir dars meni sehrli olamga yetaklar edi. Maktabdan uyga qaytgach, o‘zim ham singillarimga dars o‘ta boshlardim. Onamga esa «Katta bo‘lsam, albatta, Dilbar opadek bo‘laman», derdim. 3-sinfda o‘qiyotganimda Malohat opa Yunusova bizga ustozlik qila boshladi. Ularning kiyinishlari, o‘zlarini tutishlariga juda-juda havasim kelardi. Ulg‘aygach, bolalik orzularim ushalib, besh opa-singil o‘qituvchilik kasbini egalladik. Oliygohni tamomlagach, o‘zim o‘qigan O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-umumta’lim maktabiga ishga keldim. Mana, o‘ttiz yildan buyon ushbu ta’lim dargohida mehnat qilmoqdaman. Bu kasbni egallashimda ota-onamning xizmatlari beqiyos, albatta. Shukurki, kasbim orqali e’zoz va ehtirom topdim. 2007-yil «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni, 2010-yil «Shuhrat» medali, 2016-yil «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» unvonlari bilan taqdirlandim. Har yili 1­oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni men uchun qo‘shaloq bayramga aylanadi. Shu kuni tug‘ilgan kunimni ham nishonlar ekanman, taqdirimga azaldan ushbu sharafli kasb bitilganga o‘xshaydi. Bugun ushbu dil so‘zlarimni qadrdon gazetamga yozar ekanman, bolalik yillarim bilan bog‘liq yana ayrim xotiralar yodimga tushdi. U vaqtlari hozirgi «Tong yulduzi» gazetasiga muntazam obuna bo‘lardim. Bu nashr orqali tengdoshlarim hayoti va ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishib borardim. Hatto 6-sinfda o‘qib yurgan kezlarim buxorolik bir qiz bilan tanishib, xatlar yozganim hali-hali esimda. Hozirda o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan ehtirom va yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib, yanada g‘ayrat bilan mehnat qilging keladi. Qani endi bolalik yillar ortga qaytsa-yu, hammasini boshdan boshlab, yana uzoq yillar ustozlik qilsam...