Ayni kunlarda mamlakatimiz va butun dunyo hamjamiyati tahlikali va sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Barcha birdamlikda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash olib bormoqda.

 

COVID-19 koronavirus bilan bogʻliq har xil maʼlumotlarning haddan tashqari koʻpligi, xavotir va noaniqlik sabab insonlar, ayniqsa yoshlar oʻzlarini ojiz his qilishadi va ular faqatgina hukumat, shifokorlar va olimlar barchasini tuzata oladi deb oʻylashadi.

Pandemiya bu – barchaning ishi, har kim, yoshi va kasbidan qatʼiy nazar kasallik tarqalishini toʻxtatishga yordam berishi mumkin.

Bilim va xabardorlik – qoʻrquvga qarshi asosiy kuchdir.

Koronavirus infeksiyasi boʻyicha aholining xabardorligini oshirish, kasallik tarqalishining oldini olishda karantin qoidalariga rioya qilish ahamiyatini yoshlarga tushuntirish maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Boshlangʻich taʼlim”, “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallari va “Tong yulduzi” gazetasi bilan hamkorlikda umumtaʼlim muassasalarining 1-5-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Biz COVID-19 ni birgalikda yengamiz” shiori ostida rasmlar tanlovini eʼlon qiladi.

Tanlov sinflar kesimida guruhlarga boʻlgan holda oʻtkaziladi.

Har bir guruhdan 5 nafardan, jami 25 nafar gʻolib aniqlanadi.

Tanlov gʻoliblari diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Tanlovda ishtirok etish shartlari quyidagicha:

Taqdim etilayotgan rasmlarda COVID-19 haqida faktlar, Oʻzbekistonda unga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kasallik tarqalishining oldini olishda karantin va gigiyena qoidalariga rioya qilish ahamiyati kabi maʼlumotlar aks ettirilgan boʻlishi;

Tanlov ishtirokchilari oʻz ishlarida aks ettiradigan COVID-19 koronavirus haqidagi maʼlumotlar Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va @koronavirusinfouz Telegram kanali orqali eʼlon qilingan ishonchli maʼlumotlardan foydalanishlari;

Ishtirokchilarning rasmlarini Facebook, Instagram va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarda #COVID19ni_birga_yengamiz xeshtegi ostida eʼlon qilish va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari (@uztdi)ni belgilash;

Har bir rasmda ishtirokchining familiyasi, ismi, sharifi, yashash hududi (viloyat, tuman yoki shahar), maktabi va sinfi koʻrsatilishi lozim;

Tanlovda ishtirok etish ixtiyoriy boʻlib, rasmlar yuqoridagi koʻrsatilgan shartlar asosida joriy yilning 10-mayiga qadar eʼlon qilinishi lozim.

Ota-onalar uchun koʻrsatmalar:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va boshqa masʼul davlat organlari tomonidan COVID-19 koronavirusi va unga qarshi kurash boʻyicha tarqatilayotgan maʼlumotlar bilan batafsil tanishib oling.

2. Bolalar bilan koronavirus boʻyicha ayrim faktlar haqida soʻzlashing va buni oʻzlari xohlagan koʻrinishda rasmda tasvirlashlarini soʻrang.

3. Agar bolalar juda kichkina boʻlsa, birgalikda ishlang.

4. Iltimos, bolalarga bu yangi virus ekanligi, u hali oʻrganilayotgani, kelgusida faktlar oʻzgarishi mumkinligini tushuntiring. Shuning uchun, maʼlumotlarda yangiliklar boʻlsa Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi kabi ishonchli manbalardan foydalanishda davom eting.

5. Bolalar bilan COVID-19 koronavirusi haqida gaplashishda ularning yoshini inobatga oling. Bolalar ruhiyatiga salbiy taʼsir qiladigan noxush (negativ) maʼlumotlardan saqlaning.

Tanlovda ijtimoiy tarmoqlar orqali eng koʻp ovoz olgan va hakamlar hayʼati tomonidan yuqori baholangan ishlar gʻolib deb topiladi.

Tanlov uchun taqdim etilgan eng yaxshi ijodiy ishlar “Tong yulduzi” gazetasi, “Gulxan va “Gʻuncha” jurnallarida chop etiladi hamda gʻoliblarni taqdirlash marosimi karantin davri tugagandan keyin amalga oshiriladi.