Inson umrini, bir so‘z bilan aytganda, kecha, bugun va erta tashkil etadi. Bugungi kunning nurafshonligi kechagi kundan olingan saboq va xulosalar evaziga ekanligiga hech kim shubha qilmasa kerak. Va qolaversa, ertangi kunimizning yanada yorqinligini ta’minlashimiz uchun barchamiz bugundan saboq olmog‘imiz lozim!

Darhaqiqat, millatning, xalqning o‘tmish-u ertasi ham aynan mana shu tamoyillarga asoslansa, ne ajab?! Bu aziz Vatan barchamizniki! Shiorimizga aylanib ketgan bu so‘zlarni har birimiz ong-u shuurimizda o‘zimizga xos tarzda talqin etamiz. Har birimiz Vatan kalomiga o‘ziga xos mehr ila yondashamiz. O‘z onamizga muhabbat-u e’zozimiz qanday bo‘lsa, o‘z Vatanimizga ham mehrimiz undan aslo kam emas! Qolaversa, yod olgan she’rlarimizda, kuylagan qo‘shiqlarimizda ham ona va Vatan so‘zlari hamisha yonma-yon. Bu tuproq dunyo tamadduni uchun ne-ne allomalarni yetkazib bermadi, deysiz?! Qaysi bir sohaga yuz burmang, buyuk ajdodlarimizning zarhal harflar ila bitilgan nomlariga ko‘zingiz tushadi. Tibbiyot deysizmi, ilmi nujum deysizmi yoinki aniq fanlarmi?.. Xullas, mana shunday dongdor tarix egalarimiz bugungi kunda! Muhtaram Yurtboshimiz bot-bot ta’kidlab turganlari singari biz ayni pallalarda 3-renessans davrini boshlayotirmiz. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Demak, mana shunday ulug‘vor maqsadlar bilan barchamizni old saflarga chorlayotgan Davlatimiz rahbarining har bir da’vatiga labbay, deb javob bera oladigan, o‘zining hech kimdan kam emasligini chuqur his qilib, yorug‘ manzillarni ko‘zlayotgan vatanparvarlar – yoshlar, qalbi uyg‘oq o‘spirinlar davrasi kengaymog‘i shart! Zero, buyuk evrilishlar uyg‘oq ko‘ngillarda ko‘z ochadi! Nasib etsa, o‘zbek tilimizga davlat tili maqomi berilganiga ham oz emas, ko‘p emas 31 yil to‘lmoqda. Va juda katta iftixor bilan aytishimiz kerakki, joriy yildan boshlab 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanishi belgilangan. Til bayrami oldidan «Tong yulduzi» gazetasining aziz o‘quvchilari bo‘lgan uka-singillarimga, jigarbandlarimga cheksiz izzat ila mehrimni izhor etaman! Ko‘ngillarimizdagi milliy iftixorni yanada jo‘sh urdiradigan O‘zbek tili bayrami barchangizga muborak bo‘lsin! «Mana shu tilga, mana shu elga mansubman!» degan yurak tug‘yonlariga quloq tutsak, «mansubman» so‘zi «munosibman » kalimasiga yaqin tarzda jaranglaydi. Ilohim, shunday bo‘lsin! Dunyolarga dars bergan mislsiz allomalarni yetishtirgan mana shu elga, mana shu tilga, shu zamin, shu tuproqqa mansub va munosib bo‘laylik, aziz yoshlar! Bugun aksariyatimiz biror ma’lumotga ega bo‘lishni istasak, darhol ijtimoiy tarmoqlarga yuzlanamiz. Uyali aloqa tizimlari orqali do‘st-u birodarlarimiz bilan xabarlashamiz, suhbat quramiz. Ammo ushbu jarayonlarda bizning asosiy «ish qurolimiz» bu – Ona tilimiz hisoblanadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, til faqatgina muloqot qilish vositasi emas, balki cho‘ng g‘ururimiz, yuksak iftixorimiz belgisi ekanligi, undan muhabbat bilan va savodxon tarzda foydalanishimiz zarurligini aytib o‘tmoqchiman. Bu gaplarim kimlar uchundir biroz havoyi gapday tuyular, ammo shu millatning yutuqlaridan ko‘ngli o‘sadiganlar va milliy qusurlardan yuragi og‘riydiganlar uchun o‘ta muhim So‘zdir! Ba’zi-ba’zida qo‘l telefonimga kelib tushgan xabarlarni o‘qiy turib, dilim ranjiydi. Almoyi-jalmoyi jumlalar, so‘zlarning talaffuzdagi variantidan ham battar holati, hech bir kurakda turmas so‘z qisqartmalari, buyam yetmaganday, alifbomizda yo‘q harflarning noo‘rin qo‘llanilishi... Aytaman, desang gap ko‘p. Aslini olganda, vatanparvarlikni birovga uqtirish orqali o‘rganib bo‘lmaydi. Inson Vatanga muhabbat bilan tug‘iladi! U yurtga mehrni onaning oq sutidan, tungi allalaridan, otaning bu yo‘ldagi shijoatidan oladi, mening nazarimda. Shunday ekan, men istardimki, «Tong yulduzi» gazetasining barcha muxlislari – o‘ta savodxon! O‘z Ona tiliga, o‘z Ona yurtiga mehri o‘zgacha! Ular qalblaridagi mehrni allaqachon hurmat va ehtiromga aylantirishgan! Barchamizga eng ulug‘ bayramlarimizdan bo‘lgan O‘zbek tili kuni muborak bo‘lsin!

AVLODLARGA SO‘Z TASHUVCHI DASTYORMAN!


Men bulbulman – o‘z tilida sayrab turgan,
Men duldulman – o‘z yerida yayrab yurgan.
Menga kelsin, mening o‘zbek tilim uchun –
O‘zin dag‘al tillarini qayrab yurgan.

Qani aytsin, qaysi tildan kamdir tilim,
Mening uchun iftixor ham sha’ndir tilim.
Temuriyman – turkiylarning bosh bo‘g‘ini,
Senda olam fasohati jamdir tilim!

Sen o‘zingsan alla bilan dilga tushgan,
Va ilk bora «ona» deya tilga tushgan.
Qoshg‘ariydan tortib barcha bobolarim –
Menga faqat til hikmatin o‘rgatishgan.

Shu til borki, shu el borki – men ham borman,
Tilin aziz bilganlarga do‘stman, yorman.
Qo‘lga qalam tutdim, demak, ajdodlardan –
Avlodlarga so‘z tashuvchi dastyorman!

Madhing qilsam, ko‘ksim aro yonar dilim,
Kuylagayman, mayli toki qonar tilim.
Yashasam bas, sen-la seni senda kuylab,
Vatan tili, Otam tili, Ona tilim!

Orif TO‘XTASH,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
shoir, jurnalist