Bizning galdagi qaxramonimiz Ro‘ziboyeva Dilnoza Doniyorovna bo‘ladilar. Dilnoza 2004 yil 29-mayda Yangiyer shahrida tug'ilgan. Chap qo‘lida ijod qiladi, balki uning iqtidori chapaqayligidadir.

Dilnozaning chizgan suratlarini kuzatar ekansiz ranglar tasviri orqali mo‘yqalam sohibasining nozik didini his qilasiz. Yosh iste’dod sohibasi chizgan rasmlarida baxtli bolalik, sirli inson timsoli, musaffo osmon, go‘zal tabiat manzaralarini yorqin bo‘yoqlarda  eks ettira olgan. Yosh bo‘lishiga qaramay rassomchilikning murakkab  usullaridan foydalanib turli dizayn asosida yaratgan ishlari kishini hayratga soladi.

Dilnoza "P.P.Benkov" nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomchilik maktabining 10 sinf o‘quvchisi. Rassomchilikka bo‘lgan qiziqish unda hali maktabga bormasidanoq, multfilm, ertak qaxramonlarini kuzatib, tasavvuri orqali qog‘ozga tushirishdan boshlangan.

Yosh qalamkash 2014-2016 yillarda Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 14 sonli BMSM maktabida, 2016-2018 yilda Guliston shahridagi 1-sonli BMSM da, 2018 yildan buyon esa "P. Benkov" nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomchilik maktabining "Dastgoxli rangtasvir rassomi" yo‘nalishida ta’lim olib kelmoqda.

2016 yilda esa hali mitti bo‘lishiga qaramay ushbu iqtidor sohibasi "Bahor nafasi"nomli o‘zining ilk ko‘rgazmasini o‘tkazgan.

Uning asarlaridagi asosiy va yuqori pog‘onalarda turuvchi ob’yekt - bu insondir. U insonning nafaqat go'zal va mislsiz mavjudotligini ko'rsatibgina qolmasdan, balki dunyosi, uning fikri va hissiyotlarini ham ochib berishga tirishadi. Har bir rassom bu murakkab vazifani uddalashi uchun qobiliyatning o‘zigina kamlik qiladi.

“Men o‘zimni judayam baxtli deb bilaman, zero men boshqalar his qila olmaydigan tuyg‘ularni his eta olaman. Bular dunyomizdagi barcha go‘zalliklar: muhabbat, yaxshilik, rahmdillik, poklik tuyg‘ularidir. Men biror bir suratni chizishni boshlashdan avval hodisa hamda jarayonlarni o‘zimdan o‘tkazaman va bu menga ijod qilish uchun turtki beradi- deydi yosh qalamkashimiz.

Hozirgi vaqtda Dilnoza o‘zining katta va kutilmagan ko‘rgazma loyihasi bilan band. Bu ko‘rgazmada u turli mashaqqatlar bilan erishgan yutuqlari-yu ustozlaridan olgan bilim va ko‘nikmalari aks etuvchi “eskiz"larini ommaga namoyon etmoqchi. Yosh bo‘lishiga qaramay u shijoat va ijodiy izlanishlar bilan to‘lib turibdi. Yurtimizda mana shunday iqtidor va istedod egalari ko‘payaversin.

Maftuna OMONKELDIYEVA