Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, uzoq o‘tgan zamon­damas, o‘zimizning za­monda Sardor degan bir bola bo‘lgan ekan. Bir kuni Sardor sport musobaqasida g‘alaba qozonibdi va bu haqda ota-onasiga aytibdi. Ular bundan xursand bo‘lishibdi va farzandiga yangi telefon olib berishibdi. Sardor telefonga juda bog‘lanib qolibdi. U nafaqat darslarini, balki ota-onasi-yu do‘stlarini-da unu­tibdi. Qahramonimiz har kuni dars vaqtida telefonini kavlab o‘tirar, mashg‘ulot mavzusi nima haqda ekanligiga ham e’tibor bermas, hatto o‘qituvchilar­ning tanbehi ham kor qilmabdi.
Odatdagi kunlarning birida telefon o‘ynab o‘tirgan Sardorga ustozi tanbeh beribdi va telefonini olib qo‘yibdi. Dars tugagandan so‘ng o‘qituvchi Sardorni qattiq ogohlantirib, telefonini qaytarib beribdi.
Sardor maktabdan uyga avtobusda qaytar, bolakay har safargiday bekatda telefonini o‘ynab, avtobus kelishini poylabdi. Nihoyat, avtobus kelibdi. U yo‘lovchi bilan to‘lgan transportga amallab chiqib olibdi. Kutilgan manzilda avtobusdan tushibdi va cho‘ntagida telefoni yo‘qligini bilibdi. Avtobus allaqachon ketib bo‘lgandi. Sardor shundan so‘ng nima qilarini bilmay, «tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib» uyiga kelibdi. Bu haqda ota-onasiga ham, akasiga-yu do‘stlariga ham aytolmabdi. Ammo oyisi buni sezib qolib: 
– Sardor, o‘g‘lim, dadang olib bergan yangi telefon qani? – deb so‘rabdi.
– Yo‘qotib qo‘ydim, – zo‘rg‘a javob beribdi u. 
Kechga yaqin dadasi ham ishdan kelgach, bu xabarni eshitib, o‘g‘lini yoniga chaqirib shunday debdi: 
– Sardor, hech narsa o‘z-o‘zidan bunyod bo‘lmaydi. Telefonni senga o‘yin o‘ynash yoki internetda o‘ti­rib bekorga vaqt o‘tkazish uchun olib bermagandim. Uni yo‘qotib qo‘yganing yana ham yomon bo‘libdi… 
Sardor otasini xafa qilib qo‘yganini tushunibdi va yo‘qotgan telefon pulini yig‘ishga ahd qilibdi. Birinchi kuni qo‘shnisi Shahlo xolaning ekinini tagini yumshatib beribdi, ikkinchi kuni choyxonada choy tashibdi, uchinchi kuni ustaxonada ustalarga yordam beribdi, xullas, bir oy deganda maqsadiga yetibdi. U yig‘gan pulini dadasiga olib kelar ekan, dilida ming hayajon bor edi. 
– Men yo‘qotgan telefonim uchun pul yig‘dim… 
Ota bu gapni eshitib, o‘g‘liga hayron tikilibdi. 
– Bunday qilishing shartmas edi, Sardor...
– Dada, men endi siz topgan har bir so‘mning qadriga yetaman. Qilgan ishimdan pushaymonman. Meni kechiring! – debdi qat’iy ohangda. 
Aziz bolajonlar, sizlar ham ota-onangiz topgan pulning qadriga yetyapsiz­larmi? Agar buni anglab yetmagan bo‘lsangiz, bizni Sardordan maslahat oli­shingiz mumkin. U buni allaqachon anglab yetdi! 

Umarbek AQLIDDINOV, 
Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi 35-umumta’lim maktabi o‘quvchisi