Shohruhni har tong uyqudan deraza panjarasiga uya qurib, bolalarini uchirma qiladigan qadrdon musicha uyg‘otadi. Bu qahramonimizga juda yoqadi. Axir soatning yoqimsiz qo‘ng‘irog‘idan ko‘ra, ku-kulab mehr ulashadigan musichaning ovoziga nima yetsin?! Yana Shohruhning musicha ovoziga erkalanib turmasligini, beozor qushning yana, yana sayra­shini xohlab, ko‘zini bir ochib, bir yumishini aytmaysizmi?!
Bugun ham Shohruh xuddi shunday qildi: musichaning xonishlariga erka­lana-erkalana uyg‘ondi. Shosha-pisha no­nushta qildi-da, darsga ketdi. Tabiatshunoslik darsida o‘qituvchi «Parrandalar» mavzusini o‘tgach, tanaffusda hamma o‘quvchilar qushlar haqida bilganlari bilan maqtana boshladi. 
– Tuyaqush bilan pingvinlar ucholmaydi, – dedi Zahro.
– Nima, shuyam qiziq bo‘pti-yu, dunyoda zaharli qushlar ham borligini bilasiz­larmi? – deya o‘g‘il bolalar qizlar jamoasidan aqlliligini namoyish qilmoqchi bo‘ldi Muzaffar.
– Kolibri orqaga uchishini-chi, uniyam bilasanmi? – deya bilag‘onlik qildi Dilshoda. 
 – Eng aqlli qush – qar­g‘a, – deya kerildi Hojiakbar.
Shunday bahs-u munozaralardan ta’sirlanib darsdan qaytgan Shohruh, baribir o‘zimning musicham yaxshi-da, deya qushchasiga havas bilan qarab qo‘ydi. 
Onasi tayyorlagan mastavani icharkan, Shohruhning qushlarga bo‘lgan qiziquvchanligi yanada oshdi. Musichaning tuxumlaridan qanday qilib palapon chiqishini o‘ylay boshladi. Nima jin urdiki, panjaraning burchagiga xaslardan chiroyli qilib terilgan uyadagi ikkita tuxumchani yorib ko‘rgisi kelib qoldi. Bu ishining noto‘g‘riligini bilsa ham, qiziqishi ustunlik qilib Shohruh musichani bir qo‘li bilan surdi-yu, issiqqina tuxumni qo‘liga oldi. Ko‘zlari jovdirab turgan musicha shunday ku-kuladiki, ovozi dardli, alamli chiqdi. Shuncha paytdan beri Shohruh musicha bunday xunuk ovoz chiqarishini eshitmagandi...
Shohruh qo‘lidagi tuxumni chaqib, piyolaga soldi-yu ichidan qip-qizil go‘sht tushganini ko‘rib o‘ziniyam yuragi achishib ketdi. 
Musichaning nolasi kuchayib ketdi...
Shu kungi kechki ovqatda Shohruhning qilgan ishi onasining xayoliga kelmadi shekilli, bu haqda gap ochilmadi. Nazira opa Shohruh bilan dadasiga ertalab ertaroq uyg‘onishini tayinlab, tungi navbatchilikni qabul qilib olish uchun shifoxonaga shoshildi. 
 Darsga kech qolgan Shohruh dadasini uyg‘otdi-yu, o‘zi deraza yonida qimirlamasdan turardi. Chunki musichaning o‘zi ham, qolgan bitta tuxumi ham, chiroyligina, dumaloqqina uyasi ham yo‘q edi...
Shohruh dadasining qistoviga qaramasdan darsga bormadi. Bir burchakda shiftga tikilib o‘tiraverdi...
Nazira opa ham ishdan kelgach, bo‘lgan voqeadan ko‘ngli xira tortdi. Ko‘p qavatli xonadonlar pastida musicha uyasining xaslari sochilib yotardi...
Bu Shohruhga sa­boq bo‘ldi. U o‘ziga o‘zi Vatanni doim himoya qilish, unga xiyonat qilmaslikka va’da berdi.
Nasiba ERXONOVA