Inson havosiz yashay olmaganidek, mehr-muhabbatsiz ham yashay olmaydi.

Mehr! Insonga xush yoquvchi musiqa kabi qanchalik yoqimli so‘z. Yuragi urib turadigan jamiyki jonzot borki, bu tuyg‘uga muhtoj. Dadajonim dunyodagi eng yaxshi ota, shuningdek, eng mehribon farzandlar. Bilasizmi, nega? Bir vaqtning o‘zida ham biz – o‘g‘il-qizlariga, ham onajonlariga mehr beradilar. Biz dadamning ishlari tufayli shaharda, buvim esa kichik amakim bilan birga Baxt shaharchasida yashaydilar. Dadajonim har kuni oradagi 28 kilometrlik masofani bosib o‘tib, buvijonimni yo‘qlab borishni kanda qilmaydilar. Yolg‘izim, mo‘tabar va yagona sirdoshim, deya onalarining duolarini oladilar. Biz buvijonimnikiga borganimizda, keng hovlilari yanada kengayib ketgandek bo‘ladi. Mayin shabada, qushlarning chug‘ur-chug‘uri odamga xush yoqadi. Men bir narsani tushunmayman: nimagadir qishloq odamlari ko‘pincha shaharga talpinishadi. U yerda yashash oson, deb o‘ylashadi. Menga esa qishloq hayoti juda yoqadi. Musaffo havosi, keng dalalari, tongni eng birinchi qarshilaydigan xo‘rozlari-yu sut-qatiqlarini juda-juda yoqtiraman. Aynan buvijonimning uylari xuddi shunday. Ayniqsa, u yerdan quyoshning chiqishi va botishini bemalol kuzatishni yoqtiraman. Pandemiya sababli anchadan buyon buvimlarnikiga borolmay qoldik. Lekin dadam har kuni telefon orqali bog‘lanib, buvijonimdan hol-ahvol so‘rashni kanda qilmaydilar. Bir kuni dadajonimga savol berdim: – Har kuni emas, kunora yoki haftada bir borsangiz, qo‘ng‘iroq qilsangiz ham bo‘ladi-ku. Masofa uzoq bo‘lsa... – Yodingda tut, mehr masofa bilmaydi! Onam mendan 28 chaqirim emas, balki 1000 km uzoqlikda yashaganlarida ham xuddi shunday qilardim, har kuni borib ko‘rardim. To‘g‘ri, onam men olib boradigan 4 ta nonga muhtoj emaslar, gap mehrda, e’tiborda. Ona har kimning, hamma narsaning o‘rnini bosishi mumkin, ammo onaning o‘rnini hech narsa va hech kim bosolmaydi! Dadamning hikmatlarga boy so‘zlaridan o‘zimga xulosa chiqardim. Demak, mehr bu qimmatbaho sovg‘a yoki qandaydir buyum bilan o‘lchanmas ekan.

Nigora ORIFJONOVA,
Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi
5-umumta’lim maktabi o‘quvchisi