Kechagidek yodimda, yurtimiz istiqlolga erishgan damlar men tengilar endigina aqlimizni taniydigan 11 yoshda edik. Ustozlarimiz, biz o‘qiy boshlagan gazeta va jurnallar, matbuot, radio va televideniye orqali asta-sekinlik bilan mustaqillik ne ekanligini his eta boshlagandik. Maqtanish emas-u, a’lochi jamoatchi bo‘lganim, kitob va kutubxonani juda sevganim uchun ham sekin adabiyot olamiga kira boshladim va dastlabki she’riy parchalarim aynan ana shu yurtimiz ozodligi, erkinligi haqidagi satrlar bo‘lib, hatto respublika insholar tanlovlari g‘olibligini ham bir necha martalab qo‘lga kiritdim... Nega bular haqida yozyapman, bilasizmi, aynan ana shu tanlovlar meni yanada tobladi, ruhlantirdi va motivatsiya bera oldi.

Mana, oradan shuncha yillar o‘tibdiki, men hali ham aynan o‘zim o‘shanda sevib mutolaa qilgan gazeta va jurnallarim, jonajon kutub­xonamni tark etmay, ular orqali bugungi yosh avlodni tarbiyalashni muqaddas burchim, deb bilaman. Shukurkim, bunga ham mana 21 yildirki, oz bo‘lsa-da, erisha oldim, deb ayta olaman. Har o‘quv yilida iste’dodli, jajji kichkintoylar bilan qo‘shimcha ijodiy to‘garaklarda ishlab, ular­ning yutuqlaridan qalbimda faxr tuyaman.
Yaqindagina o‘zim rah­barlik qilayotgan sinf­da «Yangi O‘zbekis­ton chechaklari» deb nomlangan tadbirda o‘quvchilarim quyidagi satrlarimni o‘qishar ekan, ular ko‘zidagi quvonch, zavq, mehr, ishtiyoq, ishonch va sadoqat, ona Vatanga bo‘lgan muhabbat, yuksak faxr va iftixorni ko‘ra oldim va bu meni yana bir bor shukronalikka chorladi:

aziz Vatan

Rustamxon, Alpomish va botir Shiroq,
Shu aziz tuproqni asragan mardman,
Jaloliddin yo‘limni yoritgan chiroq,
Bu aziz Vatanga sodiq farzandman!

So‘z ahlin lol etgan buyuk, beqiyos,
Men so‘zda bobomdek mohir bo‘laman,
Olam osmonida porlagan quyosh,
Navoiy bobomdek shoir bo‘laman!

Men ibn Sinodek tabib bo‘laman,
Butun Yer sharidan dardni aritib,
Va ichgan qasamga sodiq qolaman,
Har o‘sgan giyohdan shifo yaratib.

Bobur Mirzo mening buyuk yurtdoshim,
Men havas qilaman bunday insonga,
Prezident bobom bor – faxrim, ishonchim,
Albatta, o‘xshayman shunday insonga!

Men buyuk Temurdek sarkarda bo‘lib,
Vatanim tuprog‘in ko‘zga suraman,
Mushaklar baquvvat, zo‘r kuchga to‘lib,
Chegarada kun-tun sergak turaman!

Tursunoy Hasanova, 
Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi 43-umumta’lim maktabining boshlang‘ich
sinf o‘qituvchisi