Har yili yozgi ta’tilda qishloqqa – bobomlarnikiga borishni odat qilganman. Bobom aytgan hikmat va rivoyatlarni miriqib eshitaman.
Qishloqning toza havosi, qushlarning chug‘ur-chug‘urlarini eshitishning zavqi bo‘lakcha edi. Qishloq aholisining mollari­ni Sattor amaki suruvga olib ketib boqar edi.

Bir kuni tongda buvim: «Saidjon, bolam, tur, mollarni suruvga qo‘shib kel, mana bu non bilan qatiqni Sattor amakiga olib borib ber. Ichkaridan bir gazeta olib chiq, nonni o‘rab berayin, tushlikda yeb-ichib olar», dedi. Men, xo‘p, deb yugurib borib bobomning xonasiga kirib, stol ustidan bir gazetani sug‘urib olib, buvimga olib bordim. Buvim ham shosha-pisha tezda nonni gazetaga o‘rab, qo‘limga tutqazdi. Men mollarni podaga haydab, cho‘pon amakiga buvim bergan yegulikni berib keldim va ko‘chaga o‘rtog‘larim bilan o‘ynagani chiqib ketdim. O‘ynab bo‘lib, uyga yaqinlashganimda, bobomning baland ovozda kimnidir koyiyotgani eshitildi. Qo‘rqib ketdim, quloq tutsam, «Stol ustida turgan gazetani kim oldi?», deb baqirardi. Buvim hamma joyni ko‘zdan kechirib, gazetani izlayotgandi. Shu payt yodimga boya olgan gazetam tushdi va asta borib buvimga aytdim. Bor gapdan xabar topgan bobom menga jahl bilan, «Gazetani qayerga olib borgan bo‘lsang, shu joydan darhol qay­tarib olib kel. Gazetasiz uyga qaytma», dedi. Men qo‘rqib, hozir topib kelaman, deya yugurib ketdim. Buvim opamni velosipedga mindirib, izimdan yuboribdi, opam ikkimiz suruvga yo‘l oldik. Sattor amaki mollarni qishloqdan ancha olis joyda boqayotgan ekan. Biz u yerga uch-to‘rt soat deganda yetib bordik. Borsak, Sattor amaki tushlik qilib bo‘lib, gazeta o‘qib o‘tirgan ekan. Men quvonganimdan gazetani amakining qo‘lidan olib, qattiq yig‘lab yubordim. Opam bo‘lgan voqeani Sattor amakiga aytib berdi, shunda amaki: «Bu gazetada ko‘p hikmatlar yozilgan ekan, men ham o‘qib, ko‘p narsani tushunib, bilib oldim», dedi. Keyin bizlar gazetani buvimga berdik. 
Kechki ovqatdan keyin bobom meni yoniga chaqirib, bunday dedi: «Bolam, mendan xafa bo‘lmagin. Bilasanmi, bilimli va odobli inson bo‘lging kelsa, hech qachon gazeta, jurnal, kitob­larni yirtib foydalanma, sababi, bular senga xohlasang chiroq, xohlasang oziq, xohlasang boylik bo‘la oladi», dedi. Bu gaplar­ning mag‘zini keyinroq chaqdim, donishmand bobomning gaplari hikmatga to‘la ekan.
Raushan ATAJANOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-IDUMning  ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi