BOBOMNING "AKADEMIYASI"DA O‘QIGANMAN
Halim Saidov (Sayid) 1966-yil 8-noyabrda Samarqand viloyati, Toyloq tumanidagi Shopo‘lat qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabni tugatgach, besh yil deganda, Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetiga o‘qishga qabul qilingan. Tugatgach, 1992–1995-yillari «Oila va jamiyat» gazetasida muxbir, yetakchi muharrir, Bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Bu fursat oralig‘ida, ya’ni 1994–1995-yillarda Hindiston ommaviy kommunikatsiyalar institutida tahsil olgan. 1995–2009-yillar «Ma’rifat» – «Uchitel Uzbekistana» gazetalari, 2012–2022-yillarda «Boshlang‘ich ta’lim» jurnali Bosh muharriri vazifasida xizmat qildi. «Mehnat shuhrati» ordeni, «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindori.
2023-yildan buyon O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida professor lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Behisht o‘rtasiga solgan ravotim...
– Har bir odam umri davomida hayoti ibrat, so‘zi saboq bo‘lgan insonlarga duch keladi. Ana shu ma’naviy manbalar insonning shaxsiyatini shakllantiradi, hayot yo‘lini belgilaydi. Shukurki, mening hayotimda ham shunday daryolar ko‘p bo‘ldi. Albatta, uning dastlabki bosqichi oila hisoblanadi.
Sarlavhadagi satr Afg‘oniston hududida yashaydigan o‘zbek qarindoshlar orasida keng tarqalgan. Uni ilk bora 1995-yili Berlindagi Humbold universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati bo‘limi mudiri, professor Ingeborg Baldauf xonimdan eshitganman:
Otam bilan onam qand-u novvotim,
Behisht o‘rtasiga solgan ravotim.
Qo‘nar bo‘lsam – otam solgan ravotim,
Uchar bo‘lsam – onam bergan qanotim.
«Ravot» qadimda karvonlar to‘xtaydigan, musofirlar orom oladigan manzil, panohgoh ma’nosini anglatgan. Keyinchalik bu so‘z tinchlik, osoyishtalik, qo‘nimgoh ma’nolarini ham olgan. Kamina bolapaqirning birinchi maktabi ham aynan shu ravot oiladir. Men uchun ravot ikki karra muqaddas. Chunki bu xonadonda dadam bilim ulashar, onam esa dardga malham, dillarga mehr taratar edi.
Ona ko‘nglining bola bilan bog‘liqligiga oyim bilan bo‘lgan bir voqea sabab batamom iqror bo‘lganman. Hovlida dehqonchilik yumushlari bilan band edim. To‘satdan oyim uydan bezovta holda chiqib:
– Ukang qayerda? – deb so‘rab qoldilar. Ukam Mahmudjon mendan to‘qqiz yosh kichik.
– Qo‘riqda, qo‘y boqyapti, – dedim qator kartoshka oralarini chopishda davom etib.
– Bor, bir xabar olgin, bolam, ko‘nglim xijil bo‘lyapti.
– E, qo‘ysangiz-chi, yuribdi o‘ynab qo‘y boqish bahona, – dedim jerkigandek chopiqni tezroq tugatishni o‘ylab. Norozi holda yana uyga kirib ketdilar. Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas ukam ikki jo‘rasining yelkasiga qo‘llarini o‘tkazib, bir oyog‘ini ko‘targancha sakrab-sakrab, dardli nigohlari bilan kirib keldi. Futbol o‘ynaganda, oyog‘i lat yebdi... Yiqilganda og‘riqni sezgan boshqa vujud edi. Ammo undan ogoh bo‘lgani ona qalbi ekan. O‘sha voqea ona qalbining sinoati haqida ilk marta chuqur o‘ylashimga sabab bo‘lgan. Allohga shukurki, bugun oyim bir kam sakson yoshdalar. Besh nafar farzandga qanot bo‘lib, ulardan ko‘paygan o‘n besh nabira va yana sanoqsiz chevaralarning buvijonisi bo‘lib yuribdilar.
Parvoz uchun qanotning o‘zi kamlik qiladi. Qaytib qo‘nadigan mustahkam ravot ham kerak. Bu ravotni men uchun dadam qurganlar. Yana bir bor shukurki, bu mustahkam ravot hamon barhayot. Yaqindagina dadamning ming oyliklarini nishonladik. Dadam men uchun pedagogik adolat timsoli. Biologiya darslarini doimo ko‘rgazmali qurollar yordamida o‘tar, har bir o‘quvchining mavzuni puxta o‘zlashtirishini talab qilardilar. Baho qo‘yishda ham hech kimga yon bosmasdilar. Hatto o‘zim ham dadamdan besh bahoni osonlikcha olmaganman.
Hali maktabga bormagan, harflarni tanimagan davrimdan dadam menga ismimni chizishni, ha-ha, aynan chizishni o‘rgatganlar. Yaqin qarindoshlar davrasida qog‘ozga «HALIM» deb chizganim va buning uchun kattalardan maqtov eshitganim, elas-elas yodimda. Lekin dadamning maktab davrida chiroyli va xatosiz yozishni birinchi o‘qituvchimdan ham qattiq talab qilganlari bor gap.
O‘zimni taniy boshlaganimdan beri dadam tufayli uyimizdan gazeta va jurnallar uzilmasdi. Ular orasida ilm tarqatishga ixtisoslashgan «Fan va turmush», «Sharq yulduzi», «Mushtum» jurnallari bo‘lardi. Gazetalarning esa sanog‘i yo‘q edi: tumanning «Sharq tongi»sidan, viloyat (hozirgi «Zarafshon»), «Lenin uchquni» («Tong yulduzi»), «O‘qituvchilar gazetasi» (bugungi «Ma’rifat») kabi respublika nashrlarigacha xonadonimizga kelardi. Birinchi qoralamalarimni shu nashrlar manzillariga yuborganim, yodimda. Darvoqe, padarim hozir ham gazetxonlikni kanda qilmaydilar.
Bobomning «Akademiyasi»
O‘tgan asrning 80-yillari. Bobom Abdullaxon Saidovning kitob sandig‘ida arab alifbosidagi qalin-qalin kitoblar saqlanardi. Ular orasida yupqagina, lekin harflari katta-katta «Muallimus soniy» bo‘lardi. O‘shanda mazkur alifbo muallifi Ahmad Hodi Maqsudiy ekanligini va u dastlab Ismoilbek Gasprinskiy tashkil etgan usuli savtiya maktablari uchun yaratilganligini bilmasdim, albatta. Turkistonda jadid ziyolilari o‘z alifbolarini yaratgunlariga qadar aynan ushbu alifbodan foydalanishganini keyinroq bildim.
Qisqacha aytganda, bobom menga arab alifbosini jadid maktablari dasturi asosida o‘rgatgan ekanlar. Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘iga olib borganlari, Imom Buxoriy maqbarasining qulf osilgan yog‘ochdan yasalgan darvozasi, uning oldidagi qorovul va u o‘tirgan so‘rini, maktab o‘quvchisi bo‘lganim uchun kirgani qo‘ymaganini eslayman. Yana bobomning, «Bolam, Imom Buxoriy oddiy olim emas, hadis ilmining sultoni bo‘lganlar», degan gaplari yodimda qolgan. Jangnoma, Shoh Mashrab, Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyorni ilk bora bobom arab yozuvidagi kitoblardan o‘qib berganlar. Darvoqe, bobomning otasi ham, bobosi ham jadidlar bilan hammaslak bo‘lishgani uchun qatag‘onga uchrashgan. Hammalarini Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin!
Birinchi muallimning sehrli qo‘shig‘i
Birinchi muallim deganda, negadir, birinchi navbatda, erta tongdan o‘zidan katta sumkani yelkasiga ortib, maktab tomon talpinayotgan mitti bolajon yodimga tushadi. U maktabida topgan yana bir ona yoki ota timsolidagi yangi olam – bilim hamda mehr ummoni tomon shoshmoqda!
Shunday go‘zal pallani biz tasvirlagan darajada anglamagan bo‘lishingiz mumkindir, lekin ilk o‘rganilgan harf, to‘ldirilgan daftarlar, alifbodagi suratlar, muallimning qo‘shig‘i...
Inson bolasi tug‘ilganida, onasining allasi unga ilk saboq bo‘ladi, deydilar. Ota-boboning, momoning o‘gitlari ham o‘ziga xos dars. Biroq, bolaning eng beg‘ubor damlarida unga ro‘para kelgan inson, ilg‘aganingiz, birinchi muallimdir.
Bundan yarim asr muqaddam Samarqand (hozir esa Tayloq) tuman Shopo‘lat qishlog‘idagi 81-boshlang‘ich maktabning 1-sinfiga o‘qishga borgan go‘dak qalbini o‘zining bilimi, ovozining sehri va, albatta, mehrli nigohi bilan zabt etgan inson – Kimyo aya Xalitova ana shunday yakka-yu yagona Ustoz edi men uchun!
Kimyo ayaning ohanrabosi bor edi. Ertalab uyqudan uyg‘onib, apil-tapil ovqatlanib, uydagilarning «Buncha erta maktabda nima qilasan?», degan gaplariga ham quloq solmay muallim bag‘riga oshiqardik. Biz borganda, ko‘p hollarda, maktab xizmatchilari, o‘qituvchilar hali ishga yetib kelmagan, ilm dargohining eshigi qulf bo‘lardi. Qolaversa, bu hol yuqori sinflarda bo‘lgani kabi bir soat avval maktabga borib olib, o‘qishni to‘p tepish bilan boshlash uchun emasdi, albatta. Go‘zal muallimamizga talpinardik, demak, o‘qishga qiziqardik. To‘g‘rirog‘i, qiziqtirgan edi Ustoz.
Ayaning muloyim ovozi bor edi. Musiqa darslarida o‘zi ashula aytib berar, shu tariqa ham qo‘shiq aytishni o‘rgatar, ham san’atga oshno qilar edi. Ko‘pchilik ona allasidan keyingi qo‘shiq qaysi qo‘shiq, degan savolga javob berishga qiynaladi. Men esa doim bir fikrdaman, bu birinchi muallimamning qo‘shig‘i! Uning shirali ovozi hanuz qulog‘im ostida yangrab turadi.
Qishloq maktabi va dala ishlari
Boshlang‘ich ta’lim tugagach, yuqori sinflarda o‘qish uchun qo‘shni Adas qishlog‘idagi hozirgi 25-maktabga qatnay boshladik. Men dastlab u yerdan birinchi o‘qituvchimdek mehrli ustozni topolmay, begona muhitga o‘rganolmay qiynalganman. Sinfda eng a’lochi bo‘lganman, deya olmayman. Mahbuba ismli sinfdoshim mendan kuchli edi. Chunki futbolga, stol tennisi, voleybol, xokkeyga qiziqardim. Qiziqish sportga tomon tortib ketardi. Yuqori sinflarda ingliz va matematika fanlaridan olimpiadalarga qatnashganman. Matematika o‘qituvchimiz qattiqqo‘l bo‘lgani uchun bu fandan ko‘nglim qolgan, yigirma besh karragacha yodlaganman, axir: 25x25=625! Yuqori sinfda o‘sha paytda maktablararo o‘quv-ishlab chiqarish kombinatida o‘qib, uzumchi bog‘bon, degan guvohnoma ham olganman.
Tumanimiz uzumchilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilikka ixtisoslashgani uchun erta bahor tok bog‘lash (tok novdalarini simga tarab bog‘lab chiqiladi), makka, lavlagi yaganalash, chopig‘idan boshlab, pilla tozalashgacha, oxiri uzum va pomidor uchun quti yasash, pomidor terish, uzum uzishgacha ishtirok etardik. Kech kuzda esa qo‘shni tumanlarga borib dekabr oyining boshlarigacha paxta terardik. Bunday fursatning kechki paytlarida eng yaxshi ermagim kitob o‘qish bo‘lardi. Qishlog‘imizda ikkita kutubxona – biri «selsovet» qoshida, ikkinchisi sovxoz klubida. Birinchi kutubxona fondi kichkina bo‘lgani uchun uni «xatm» qilib, ikkinchisi tomon «yurish» boshlaganman. Kutubxona mudirasi To‘xtatosh opa Turdiyeva o‘ziyam kitobxon bo‘lgani uchun juda mehribonlik bilan kitob tanlashga yordam berardi.
Dastlabki o‘qigan kitoblarim ko‘pchilik qatori o‘zbek va jahon xalqlari ertaklari bo‘lgan. Keyin hikoya, qissa, romanlarga o‘tganman. Kutubxonada mavjud bo‘lgan Mirzakalon Ismoiliy, Oybek, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Hamid G‘ulom, Said Ahmad, Sharof Rashidov, Maqsud Qoriyev, Farhod Musajon, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev kabi ijodkorlarning asarlarini mutolaa qilardim. O‘tkir Hoshimovning «Nur borki, soya bor» asarini bir necha bor o‘qib, jurnalistikaga ixlosim oshgan.
Aslida, bolalikdan o‘smirlik davrigacha katta tog‘am kabi usta duradgor bo‘lish niyatida edim. Kitobxonlik, gazetxonlik va jurnalistikaning ta’sirli natijalarini ko‘rib, shu sohaga qattiq kirishganman. Bobomning «Akademiyalari» natijasi esa olimlikka chorlagan ekan. Bu yog‘i endi alohida mavzu...



