O‘zlikni anglatgan olam
Sahifamiz mehmoni – «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, «Tong yulduzi» gazetasining uzoq yillik hamkori Alisher QODIROV.
– Bolalik davrimni quvonch bilan xotirlayman. Insonning bolalik payti uning keyingi hayoti qanday kechishini ham belgilab beradi. Bu davrning maroqli kechganidan ko‘ra, uning inson hayotidagi fundamental ahamiyatiga e’tibor qaratish muhim. Zero, inson bolaligini qanday yashasa, ko‘p jihatdan hayotini ham shunday davom ettiradi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bolaning atrofidagi muhit ota-onasi, qo‘ni-qo‘shnilari, bog‘cha va maktabdagi sharoit, opa-singil, aka-ukalari bilan munosabatlari, muloqotlari – uning kim bo‘lib shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki bolalik inson shaxsiyati va hayotiy qarashlari shakllanadigan eng muhim davrdir. Aynan shu nuqtayi nazardan baholaydigan bo‘lsak, bolalik davrim juda muvaffaqiyatli kechgan. Buning uchun Allohga behisob shukur qilish kerak.
Ota-onam juda yaxshi pedagog bo‘lishgan. Ularning har bir harakatida hayotiy ko‘nikmalarni boyitishga undaydigan ibrat va fikr bor edi. Bularning barchasi mening muvaffaqiyatli bolalik davrimni shakllantirgan. Ota-onamning bola bilan munosabatida menga eng katta ibrat bo‘lgan jihatlardan biri, har qanday vaziyatdan saboq chiqara olish va uni bolaning o‘zi tushunadigan, qabul qila oladigan tilda, uning dunyoqarashi darajasida yetkazib berish mahorati edi. Bu juda muhim fazilat. Men bugungacha farzandlarimga munosabatda aynan shu tamoyilga amal qilishga harakat qilaman. Ota-onamdan olgan eng katta ibratlarimdan yana biri kitob o‘qishga bo‘lgan muhabbatdir. Otam kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘rardi. Dasturxon boshida ham yonlarida boshlagan yoki o‘qiyotgan kitoblari, gazetalari turardi. Hatto bevosita o‘qimasalar ham, kitob yoki gazeta ko‘z o‘ngilarida turishi kerak edi. Bolalikda bu holat bizni hayratlantirardi. Bugun esa anglayapmizki, bu ham bizda kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan pedagogik usul ekan. Otamni bizning ko‘z o‘ngimizda ko‘p kitob o‘qishlari, aslida, kitobxonlikni bizga singdirishning eng samarali usullaridan biri bo‘lgan ekan.
Bu ko‘nikma hayotimiz davomida xatolarni kamroq qilishimizga, to‘g‘ri va muvaffaqiyatli qarorlarni ko‘proq qabul qilishimizga xizmat qilmoqda.
Otamning bir gapi doimo qulog‘im ostida jaranglaydi. Ular yolg‘on gapirishni eshik ochishga qiyoslardilar. «Eshikning tashqarisida sen ko‘rishni istamaydigan yomon narsalar turibdi, deb tasavvur qil. Eshikni ochsang, ularning barchasi uyingga, hayotingga kirib keladi. Yolg‘on shunga o‘xshagan bo‘ladi. U qanchalar muvaffaqiyatli ko‘rinmasin, qanchalik oson yechimga olib boradigan yo‘ldek tuyulmasin, u muammolar kirib kelishi uchun eshik ochishdir. Ochganingdan keyin o‘sha sen xohlamagan narsalarning hammasi sening boshingga keladi». Ya’ni, bitta yolg‘onni bo‘rttirib, shu yolg‘on gapirishni qanchalar yomon illat ekanligini yaxshiroq anglashim uchun otam yolg‘onning oqibatlarini turli majoziy obrazlar orqali tushuntirardilar. Birgina yolg‘on ortidan muammolar tinimsiz kirib kelishi mumkinligini shu «ochilgan eshik» keysi orqali ongimizga singdirganlar. Bu esa bugungi kungacha hayotimda yolg‘onga nisbatan muayyan munosabat shakllanishiga sabab bo‘lgan. Bu bolalarning dunyoqarashi va tarbiyasini shakllantirishda pedagogik mahoratning o‘ziga xos ko‘rinishi. Ijobiy xislatlarni bolaga birdaniga katta nasihatlar bilan emas, ana shunday kichik, ammo ta’sirchan hayotiy ko‘nikmalar orqali singdirish mumkin. Bugun davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurash bor. Korrupsiyaga nisbatan murosasizlik, birovning haqidan xazar qilish, o‘zganing mulkiga qo‘l uzatmaslik kabi oddiy, ammo muhim tushunchalarni ham bolalikdan shunday hayotiy misollar va ko‘nikmalar orqali shakllantirish mumkin. Bu ham katta pedagogik mahorat. Men otamdan olgan ibratlarimdan biri yolg‘onga nisbatan ana shunday qat’iy munosabatning shakllantirilganidir. Bunga o‘xshash yana juda ko‘p saboqlarni otamdan olganman.
Agar bolada o‘qishga bo‘lgan qiziqishni maktabgacha bo‘lgan davrda shakllantira olsangiz, maktab uning uchun juda maroqli davrga aylanadi. Chunki maktab faqat do‘stlar, tengdoshlar va o‘qituvchilar bilan munosabat qiladigan joy emas, balki ilmga intilish, yangi narsalarni bilishga qiziqish paydo bo‘ladigan muhitdir. Agar maktabgacha bo‘lgan davrda o‘qishni zavqqa aylantirib olgan bo‘lsangiz, maktab ham siz uchun zavq maydoniga aylanadi. Mening maktabdagi hayotim ham ota-onamning maktabgacha bo‘lgan davrda to‘g‘ri yo‘nalish va ko‘nikmalarni shakllantirishga bergan e’tiborining natijasi bo‘lgan, deb o‘ylayman. 1-sinfdan 11-sinfgacha uch marta maktab almashtirgan bo‘lsam-da, har bir maktabdagi yaxshi o‘qituvchilarim, qiziqarli darslar va o‘sha davrga oid xotiralarim bugungacha yodimda.
1-sinfda Lola Akramova degan o‘qituvchimiz bo‘lardi. Hozirgi poytaxtimizning Qoraqamish mavzesidagi 196-umumta’lim maktabida o‘qiganman. Lola Akramova (joylari jannatdan bo‘lsin) juda yaxshi o‘qituvchi edilar. Men u kishida onam bilan katta o‘xshashlikni ko‘rardim. Uyda onamning aytgan gaplarini maktabda o‘qituvchimdan eshitardim. U kishi nasihat qilar, ilmga qiziqtirar, bilim berar, mehr ko‘rsatardilar. Bu mehr faqat menga emas, sinfimizdagi barcha bolalarga birdek qaratilgan edi. Shuning uchun sinfimizdagi hamma u kishini onasidek yaxshi ko‘rardi.
Lola Akramova o‘qituvchining bolaga qanday qilib ona kabi yaqin bo‘lishi mumkinligini amalda ko‘rsatganlar. Hatto 4-sinfda boshqa sinf rahbariga o‘tganimizdan keyin ham u kishining oldiga xuddi onasini sog‘ingan boladek borardik. Ustozimiz bunga o‘zlarining munosabati, bolalarning ilmga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlashi, o‘zlaridagi bilim va tajribani berishdan tortinmasligi, nasihatgo‘yligi va mehribonligi bilan erishganlar.
1-sinfda bo‘lgan yana bir voqea hamon yodimda. Bir kuni partamdagi o‘chirg‘ichim yerga tushib ketdi. Yonimda o‘tirgan Ravshan ismli sinfdoshim uni o‘ziniki, deb o‘ylab, olib qo‘ydi. Shunda ikkalamiz o‘rtamizda kichik bir kelishmovchilik paydo bo‘ldi. O‘qituvchimiz vaziyatni ko‘rib, Ravshanning sumkasidan uning o‘chirg‘ichini chiqarib, ikkalamizning o‘chirg‘ichimiz bir xil ekanini ko‘rsatganlar. «Mana, ko‘ryapsanmi, sen shoshilding. Alisherning o‘chirg‘ichini o‘zingniki, deb o‘ylading. Keyingi safar shoshilmasdan xulosa chiqargin». Ustozimiz ikki-uch daqiqa ichida oddiygina o‘chirg‘ich voqeasini biz uchun hayotiy saboqqa aylantirib qo‘ygan edilar. Bugungacha kimnidir biror narsada ayblamoqchi bo‘lsam, o‘sha «o‘chirg‘ich» voqeasi esimga tushadi. «Shoshma, avval o‘yla, keyin xulosa qil», degan saboq yodimga keladi. Mana, pedagogning mahorati shunda. Bitta oddiy voqeadan ikki bola uchun hayotiy saboq va ko‘nikma yaratish bu haqiqiy pedagogik mahorat.
Maktab davrimda bunday misollar juda ko‘p. Chunki o‘qishdan zavq olish, ilmga intilish kabi ko‘nikmalar maktabgacha bo‘lgan davrda ota-onam tomonidan shakllantirilgan edi. Maktab esa bu to‘g‘ri yo‘nalishni muvaffaqiyatli pedagoglar orqali davom ettirdi. Menimcha, maktabgacha bo‘lgan tarbiya bilan maktabdagi ta’lim o‘rtasidagi mana shu bog‘liqlikni to‘g‘ri tashkil eta olish har bir bola uchun muvaffaqiyatli inson bo‘lishining mustahkam poydevorini yaratishi mumkin.
Bolalikda kitob o‘qishning o‘ziga xos ta’siri bor: u tasavvurni kengaytiradi, insonni voqealar ichida yashashga o‘rgatadi. Masalan, men, bolalikda o‘qigan ko‘plab kitoblarimdagi voqealarni xuddi boshdan kechirayotgandek his qilardim. Kitoblar ichida yashardim. Sharof Rashidovning «Dil amri» qissasini o‘qiganimda, asar qahramoni bilan birga o‘sha qishloqlarda, sovuq va qorga botgan ko‘chalarda yurgandek bo‘lardim. Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» asarini o‘qiganimda ham kitobdagi qahramonlar bilan birga yashardim.
Bolalikda insonga eng katta ta’sir ko‘rsatadigan narsalardan yana biri she’r yodlash, deb o‘ylayman. Chunki she’rni yod olish jarayonida uning mazmuniga chuqurroq kirib borasiz, har bir so‘z va tuyg‘uni o‘zingizdan o‘tkazasiz. Bu esa katta samara beradi. Har bir kitob menda o‘ziga xos taassurot qoldirgan. Ammo menga eng katta ta’sir ko‘rsatgan asarlardan biri sifatida Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» romanini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Bu asar, avvalo, manqurtlik g‘oyasi, insonni o‘zligidan, xotirasidan va ildizlaridan ayirishning ayanchli oqibatlari haqida chuqur o‘ylashga undadi. Bir romanning o‘zida bir nechta voqea va taqdirlarning parallel kechishi, ularning bir-biri bilan bog‘liqligi, hatto tabiat va hayvonlar tasviri orqali ham insoniy muammolarning tahlil qilinishi meni hayratga solgan. Bu romanni necha marta o‘qisam, har safar undan yangi bir ma’no kashf qilaman. Chunki unda faqat bir xalq yoki bir davrning emas, butun insoniyatning dardi bilan bog‘liq masalalar bor. Asar insonni kengroq fikrlashga, bir vaqtning o‘zida turli tuyg‘ularni his qilishga undaydi. Eng muhimi, roman go‘yo insonning o‘ziga qarashi uchun ko‘zgu tutadi: «O‘zingga qara, o‘zligingga qara, ildizingni unutma», degandek bir chaqiriq bor.
G‘arbda «Lost Generation» (yo‘qotilgan avlod) degan tushuncha bor. Bu mavjud haqiqat. Mening kandidatlik ilmiy ishim ham aynan tashviqot va targ‘ibotning ta’sirchanligi masalasiga bag‘ishlangan edi. Anton Makarenko degan pedagogning «O‘n ikki yoshgacha bolaga nima bersangiz, u qabul qiladi. O‘n ikki yoshdan keyin esa u faqat o‘zi istagan narsanigina qabul qiladi», degan mazmundagi fikri bor. Men ham shu fikrni qo‘llab-quvvatlagan holda, agar biz o‘n ikki yoshgacha bolaga kitob o‘qish ko‘nikmasini singdira olmasak, keyinchalik bu ko‘nikmani shakllantirish ancha qiyinlashadi, deb hisoblayman. O‘n ikki yoshdan keyin bola kitob o‘qishni, avvalo, o‘zi istashi kerak. Demak, jamiyatdagi barcha odamlarni faqat targ‘ibot va tashviqot orqali kitobxonga aylantirib qo‘yishning imkoni yo‘q. Ammo bizning qo‘limizda o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar bor. Bog‘cha va maktablar bor. Agar davlat katta e’tibor va imkoniyatlarini aynan shu qatlamga yo‘naltirib, bolalikdan kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantira olsak, kelajak avlodda mustahkam kitobxonlik madaniyatini yaratish mumkin. Tadqiqotim davomida shunday xulosaga kelganman. Shuning uchun «yo‘qotilgan avlod» degan tushuncha qanchalik og‘ir va achchiq tuyulmasin, ayrim holatlarda bu haqiqatni tan olishga majburmiz. Eng muhimi, butun e’tiborimizni kelajakka qaratishimiz kerak. Bog‘cha va maktablarda kitob o‘qish ko‘nikmasi shakllangan avlodni tarbiyalashimiz zarur. Ana shunda biz kitobni yaxshi ko‘radigan, tafakkuri keng, voqelikka turli tomondan qaray oladigan, shoshilmasdan fikrlaydigan, xulosa chiqarishda adolatli (hatto bu o‘ziga og‘riq bersa ham) qaror qabul qila oladigan avlodni voyaga yetkazishimiz mumkin.
Bugungi yoshlarga nima deyish mumkin? Endi o‘sha, bog‘cha va maktabda gap qulog‘iga kiradigan, yaxshi so‘zdan xulosa chiqara oladigan qilib shakllantirilgan avlod bo‘lsa, bu gaplar, albatta, foydali. Lekin, agar inson maslahatdan foydalana olmaydigan, yaxshi gaplardan xulosa chiqara olmaydigan bo‘lsa, aytilganlarning foydasi bo‘lmaydi. Chunki inson yaxshi maslahatdan foydalanishni, eshitgan gapidan o‘zi uchun xulosa chiqarishni bilmasa, eng to‘g‘ri so‘zning ham foydasi bo‘lmaydi. Shunga qaramay, biz umid qilamizki, aytgan gaplarimiz o‘z egasini topadi.
Bugungi yoshlar – mustaqillik davrining avlodi. Ular oldingi avlodlardan ancha boshqacha shakllanmoqda. Albatta, barcha maqsadlarimizga erishdik, deb aytish uchun hali erta. Bunday xulosa juda balandparvoz bo‘ladi. Ammo bir haqiqat bor: bugungi avlodda o‘tgan avlod yelkasidagi qullik yuki yo‘q. Ular erkin O‘zbekistonning farzandlari. Shuning uchun tariximizga ham erkinroq qaray oladilar. Ilgari ortga qarash imkonidan mahrum etilgan avlod bo‘lgan bo‘lsa, bugungi yoshlarning o‘tmishga ham, kelajakka ham, atrofidagi voqelik va o‘ziga ham turli tomondan qarash imkoniyati bor. Biz ularda ana shunday qarash ehtiyojini qanchalik ko‘p shakllantira olsak, yoshlarning shunchalik katta qismi o‘zining kimligini anglaydi, o‘zini o‘zgartirishga harakat qiladi. Buning natijasi, albatta, millatning o‘zgarishiga olib keladi.
Bugungi yoshlarga men, avvalo, o‘zlarini ham qiynashni o‘rganishni aytgan bo‘lardim. Inson o‘zini qiynamasa, katta natijalarga erisha olmaydi. O‘zini qiynash, albatta, qirq besh daraja issiqda ko‘chaga chiqib yurish degani emas. Bu ozroq uxlash, ilm yo‘lida mashaqqatlarga rozi bo‘lish, huzur-halovatidan ma’lum darajada kechib, kelajakka tayyorgarlik ko‘rish demakdir. Ya’ni, bugungi qulayliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ertangi kun uchun mehnat qilishni o‘rganish kerak. Bundan tashqari, men yoshlar uchun yana bir ko‘nikmani alohida ta’kidlagan bo‘lardim: adolatni tan olish! Inson, avvalo, o‘z xatosini tan olishni, nohaq bo‘lganini e’tirof etishni o‘rganishi kerak. Bu juda muhim. Chunki o‘z xatosini tan olmagan inson keyingi xatoni ham, albatta, qiladi. Eng yomoni, uning xatolari faqat o‘ziga emas, boshqalarga ham muammo va zarar keltirishi mumkin. Jamiyatdagi ko‘plab muammolar ham xatosini tan olishni istamaydigan insonlarning qarorlari va ularning oqibatlaridan yuzaga keladi.
Shuning uchun yoshlarga aytadigan asosiy gaplarim shular: o‘zingizni qiynashni o‘rganing, natija uchun intiling, oldingizga aniq maqsad qo‘ying. Eng muhimi, adolatni anglashni va tan olishni o‘rganing. Chunki bularning barchasi inson o‘zi uchun shakllantiradigan muhim hayotiy ko‘nikmalardir.
Aziz ABDUMALIK yozib oldi.
«Tong yulduzi» gazetasining 38-sonidan



