O‘zbek adabiyotining yorqin vakillaridan biri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon SULTONning «Munojat», «Oydinbuloq», «Genetik», «Bilga xoqon», «Alisher Navoiy» kabi ko‘plab asarlari adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish. Biz adib bilan suhbat chog‘ida, uning bolalik olami, ijodga ilk qadamlari va adabiyot haqidagi qarashlari bilan qiziqdik.

HIS-TUYG‘ULARGA BOY DAVR

Bolalik turfa ranglarga, beg‘ubor his-tuyg‘ular va hayajonlarga boy davr. Men bu davrni inson kelajagi uchun xazina to‘playdigan palla, deb atagan bo‘lardim. Oddiy o‘yinlar, kundalik yumushlar, insonlarning o‘zaro muloqoti, hatto tabiatdagi oddiy hodisalar zamirida ham hikmat yashi­rin bo‘ladi. Bugungi kun nuqtayi naza­ridan qarasak, bolalikdagi ana shu oddiy taassurot kelajakda o‘zining bebaho xazina ekanini namoyon etar ekan.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi Avazboy qishlog‘ida dunyoga kelganman. Bolaligimiz barcha bolalarniki singari goh mehnat, goh o‘yin bilan o‘tgan. Ota-onam, bobo-buvilarimga bo‘lgan mehrim haqida uzoq gapirishim mumkin. Otamni ko‘pchilik juda yaxshi inson sifatida ta’riflardi. U kishi tuman radioeshittirishlari qo‘mitasida rahbar bo‘lib ishlagan. Oilada yetti farzand edik. Otam bizni yedi­rib-ichirib, voyaga yetkazish uchun o‘zini oilasiga bag‘ishlagan inson edi. U kishi bundan yigirma besh yil avval, 60 yoshida olamdan o‘tdi. Onajonim iste’dodli, so‘zga chechan, hayotga muhabbati kuchli, quvnoq va mushfiq inson. Shukurki, bugun ham onamning duosi va mehri boshimdagi toj­dir.

Otam tomonidan Sulton bobom menga o‘z ismimni qo‘yganlar. U kishi hamisha xalq xizmatida bo‘lib, novvoylik bilan umr kechirgan. Esim­ni tanibmanki, bo­bomning yonida dastyor bo‘lib, ishlariga qara­shardim. U kishi 84 yil umr ko‘rdi.

Ona tomonidan Xoljo‘ra buvam barvasta, haybatli, urush ko‘rgan inson edilar. Onam­ning uyiga borganimizda, katta tol tagidagi so‘rida oq ko‘ylak va yaktak kiyib o‘tirganlarini hamon elas-elas eslayman. Ikki-uch yoshimda buvam dunyodan o‘tgan ekanlar. Tojiniso buvim esa buvam vafotidan keyin besh farzandni boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi bilan voyaga yetkaz­gan. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib, hayotning turli qiyinchiliklariga bardosh berib yashagan mushfiq va mehribon inson edilar. Biz esa ulardan to‘g‘riso‘zlik, halollik, oriyat kabi fazilatlarni o‘rganib, o‘zimiz uchun ibrat qilib oldik.

Bolalikning beg‘ubor qiyofasi

To‘rt ustun ko‘tarilib, ustidan shox-shabba tashlanadigan va g‘o‘zapoya yoki supurgi dastalari bosib qo‘yiladigan joyni «bostirma» deyishardi. O‘sha paytlarda ham kitobga bo‘lgan chanqoqligim kuchli edi. Yumushlardan qochib, mutolaa qilishimga xalaqit berishmasin, deb shu bostirmaga chiqib, kitob o‘qirdim.

Yumushlar tugashi bilan yana biror ish chiqib qolmasidan kitobimni qo‘ltiqlardim-u, bostirmaga chiqib olardim. Kitob shu qadar sehrli olam ediki, unga qanday kirib qolga­nimni sezmay qolardim. Dunyoning kichik bir nuqtasida yashab turgan bo‘lsak-da, kitob orqali olamning narigi chekkasidagi materikda sodir bo‘layotgan voqea-hodisa­lardan ham boxabar bo‘lardik.

QALBI UMMON INSONLAR

Ilk bor maktabga chiqqan kunimdagi taassurotim olam-olam edi. Maktab binosi avval masjid bo‘lgan ekan. Keyinchalik bu bino maktabga aylantirilgan. Shifti baland, ammo hovlisi yo‘q edi. Yo‘llar ham asfalt qilinmagan, loy kechib maktabga borardim. Maktabning stadioni ham bo‘lardi. Hatto loy bo‘lishiga qaramay, 2-sinfda o‘qiyotganimizda yugurish bo‘yicha musobaqalarda qatnashganimiz hamon yodimda. Bu eski maktab ko‘p yillar davomida qancha-qancha o‘quvchilarni o‘z bag‘riga oldi. Yaqinda buzilib, o‘rniga zamonaviy maktab binosi qurildi.

O‘qituvchilarimizni doimo hurmat qilardik. Ustozlarimiz bizga dars berishar, so‘ng tomorqalaridagi ekin-tikinlarini parvarishlashardi. Turli-tuman fanlarga qiziqishimiz ham aynan maktabdan boshlangan. Kim bo‘lishingizdan qat’iy nazar, sizga olam va hayot ufqlarini keng ochib beruvchi maskan ham aynan maktabdir. Umuman olganda, bizga dars bergan ustozlarimiz ham o‘zimiz kabi oddiy, qishloqdosh insonlar edi. Ammo ularning qalbi ummon edi. Ota-onamiz kabi mehribon, samimiy va bag‘rikeng insonlar...

"Sharq yulduzi" jurnali tahririyatida...

Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim. «Talabalik – oltin davr» degan gapni ko‘p eshitamiz. Ammo bu davrning oltinligi faqat o‘ynab-kulganimizda emas, balki kelajagimizga poydevor bo‘ladigan bilimlarni egallaganimizdadir.

Talabalik yillarida o‘zlashtirgan har bir bilim, shakllangan har bir qobiliyat va orttirilgan har bir tajriba kelajakda o‘z samarasini berar ekan. Yangi orttirgan do‘stlaringiz, kursdoshlaringiz, ustozlaringiz ham hayo­tingizdagi yana bir bebaho boylikdir.

Ilk hikoyam «Mushuk va kalxat jangi» 5–6-sinfdaligimda tuman gazetasida bosilgan edi. Hikoyada tabiat hodisalari bola nigohi bilan tasvirlangan. Keyinchalik 7–8-sinflarda «Gulxan» jurnalida «Professor Lidiansning o‘limi» nomli fantastik hikoyam chop etildi. Shu hikoyam chop etilganidan keyin uyimizga bir qop xat kelgan. O‘sha paytlarda nashrlarni o‘qiydigan o‘quvchi va talabalar bir-biriga, albatta, xat yozishardi. Bular adabiyotga qo‘ygan ilk qadamlarimiz edi. Ijodda kamol topa boshlagani­miz sari jiddiy mavzularda ham qalam tebrata boshladik.

Hozirgi davr bolalari bilan bizning davrimizdagi bolalar o‘rtasida, albatta, farq bor. Biz farzandlarimizni boshqacha ko‘rishni istaymiz. Lekin, as­lida, ularning tabiatida katta farq yo‘q. Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur Mirzolarni oladigan bo‘lsak, ular ham bir vaqtlar bola bo‘lgan, do‘stlari bilan o‘ynagan, dalalarda chopgan.

Shu ma’noda, ular bilan bugungi bolalar o‘rtasidagi tafovutni deyarli ko‘rmayman. Faqat davr va sharoitlar o‘zgargan, xolos. Bugungi bolalarning ko‘zla­rida ham izlanish, qiziqish va orzu-umid uchqunlarini ko‘rish mumkin.

Bolaligimda yozuvchi bo‘lish-bo‘lmasligimni bilmasdim. Biz shunchaki havaskorlik bilan ijod qilardik. Lekin kelajakda bizni nurli yo‘llar, oydin manzillar kutishini tasavvur qilardim. Keyingi yo‘l esa mehnat, izlanish va o‘z ustida tinmay ishlash bilan davom etdi.

Shu mehnatlar ortidan qancha asarlar yozildi. Abdulla Oripovning Gyotedan tarjima qilgan shunday misralari bor:

Umid bilan suqilgan tayoq,

Bir kun berar meva-yu yaproq.

Ha, umid bilan boshlangan har qanday ezgu harakat, agar unga mehnat va sabr hamroh bo‘lsa, albatta, bir kun o‘z mevasini beradi.

ADABIYOT – HIKMAT

Adabiyotning inson taqdiriga ta’siri haqida so‘z yuritar ekan­miz, avvalo, uning mohiyati haqida mulohaza qilishimiz kerak. Adabiyot – shunchaki vaqt o‘tkazish uchun yaratilgan, oldi-qochdi asarlardan iborat san’at emas. U bizdan oldin yashab o‘tgan ustozlari­mizning hayotiy xulosalari, inson tafakkuri va ma’naviy tajribasining badiiy ifo­dasidir. Vijdon nima? Or-nomus-chi? Yolg‘on nima-yu, halollik nima? O‘zbekchilikning mohiyati nimada? Ana shu savollarning barchasiga javobni adabiyotdan topish mumkin. Ayrimlar adabiyotni ko‘ngil­xushlik vositasi, deb o‘ylaydi. Yo‘q! Agar shunday bo‘lganida, Alisher Navoiy o‘zidan bunday ulkan ma’naviy meros qoldirmagan bo‘lar edi. Tarixiy va durdona asarlar dunyoga kelmagan bo‘lar edi.

O‘zbek nasrining bugungi holatiga nazar tashlasak, unda rivojlanish, izlanish va o‘sish borligini ko‘ra­miz. Dunyo adabiyotida ifoda usullarining yangi-yangi shakllari paydo bo‘lmoqda. Ular­ning ayrimlari adabiyotimizga kirib kelgan bo‘lsa, ba’zilari hali yetib kelmagan. Adabiyot yoshlarga ehtiyoj sezadimi? Albatta, sezadi. Chunki yoshlarning qalbi beg‘ubor, tafakkuri erkin, ularda yangi g‘oya va yangi qarashlar tug‘iladi. Yosh adiblar xalqimiz qalbidagi yangilanishlar va orzu-intilishlarning tarjimonlaridir.

Har bir ijodkorning Alisher Navoiy siymosi haqida, hech bo‘lmasa, bir sahifalik asari bo‘ladi. Har kim o‘zi bilgan, o‘qigan va eshit­ganlarini qalamga oladi. Bunga, albatta, o‘zining his-tuyg‘ulari va qarashlarini ham qo‘shadi.

Ustozimiz Oybek domla aynan Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan, shuningdek, jadidlarni otgan o‘q ovozlari hali to‘xtamagan davrda Navoiy haqida asar yozgan. Bu asar o‘sha davr ruhi va qarashlari bilan yaratilgan. Endi XXI asr odami Navoiyni qan­day ko‘radi? Biz ham baholi qudrat, ana shu savolga javob izlab, Navoiy siymo­sini o‘z davrimiz nuqtayi nazaridan yoritishga kirishdik. Bobomizning hali yoritilmagan jihatlari juda ko‘p. Vaqti kelsa, Navoiyning har kuni bir kitob bo‘ladi.

Avvalo, hammamizni Alloh o‘z panohida asrasin. Nuroniylarimizning duosini olish hamisha nasib qilsin. Chug‘ur-chug‘ur qilib, shovqin-suron bilan ulg‘ayib kelayotgan yoshlarimiz ertaga unib-o‘sib, kamolga yetsin. «Tong yulduzi»ning bolalari hamisha martabasi ulug‘, qalami o‘tkir, niyati ezgu bo‘lsin!

Ziyodulla HAMIDULLAYEV suhbatlashdi.