Salima Abdurazzoqova 1933-yili iyulda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. Bolalik va yoshlik yillari otasi ishlagan Farg‘ona vodiysida o‘tgan.
O‘rta Osiyo davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetida o‘qigan. 1998-yildan maxsus badiiy ma’lumotga ega bo‘lmagan holda rangtasvir san’ati bilan shug‘ullangan. Uning taniqli diplomat Ittifoq elchisi, O‘zbekistonning birinchi tashqi ishlar vaziri Bahodir Abbosovich Umirzoqovning turmush o‘rtog‘i sifatida ko‘plab mamlakatlarda bo‘lishi, yurtimiz madaniy hayotida faolligi ijodga undadi. Madaniyatimizni targ‘ib qildi.
Ekspozitsiyada 50 ga yaqin ijod namunalari o‘rin olgan. Unda qo‘yilgan “Tog‘ manzarasi”, “Buyuk Xitoy devori”, “To‘maris”, “Bahor”, “Yapon manzarasi. Kioto”, “Samarqandda kelin salom”, “Xorazm raqam”, “Chorvoq”, “Quyosh botishi”, “Okean uzra oyning chiqishi. Somali”, “Cho‘milayotgan ayollar”, “Parvoz. Xalq artisti Bernora Qoriyeva” va boshqa qator ijod namunalari tomoshabinni befarq qoldirmaydi.

Hasan ABDUNAZAROV