Toshkent fotosuratlar uyida “Hamnafas” ijodiy guruhining “Aks sado” nomli badiiy koʻrgazmasi tashkil etildi.
2023-yilda tashkil etilgan ijodiy guruhning navbatdagi ikkinchi badiiy koʻrgazmasi uning ijodiy faoliyatidagi yangi bosqichni ifodalaydi. Koʻrgazma ustoz va shogirdlar ijodiy muloqotining badiiy ifodasi sifatida namoyon boʻladi. Unda koʻrgazma kuratori Masuda Abdurahmonova taʼkidlaganidek, ustozlarning ijodiy tajribasi va shogirdlarning mustaqil izlanishlari oʻzaro uygʻunlikda aks etib, badiiy anʼanalarning davomiyligi, ijodiy vorislik va avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy aloqalarni namoyon etadi.
Ekspozitsiyadan ustoz rassomlarning asarlari bilan bir qatorda ular rahbarligida taʼlim olgan shogirdlarning ijodiy ishlari ham oʻrin olgan. Ular — Toshkent xalqaro kimyo universiteti bakalavriat talabalarining bitiruv malakaviy ishlari boʻlib, asarlar yosh rassomlarning individual yondashuvi, badiiy tafakkuri va oʻz uslubini shakllantirish jarayonini aks ettiradi.
Koʻrgazmada turli mavzularda — inson va oila, raqs sanati, qishloq hayoti, antik davr madaniyati, mifologik obrazlar, tabiat va hayot jarayonlari oʻzining badiiy talqinini topgan. Shuningdek, asarlarda falsafiy mushohada, dekorativ yechimlar va mustaqil ijodiy izlanishlar yaqqol koʻzga tashlanadi.
Hasan Abdunazarov



