Maʼlumki, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni muvaffaqiyatli hal qilish, yangi sanoat va moliyaviy texnologiyalarni targʻib etish, innovatsion investitsiya infratuzilmalarini rivojlantirish, intellektual salohiyatni koʻpaytirish, eksportga moʻljallangan mahsulot sifatini yanada oshirish, imkoniyatlardan kelib chiqib, mahsulotni import oʻrnini bosish bilan almashtirish, shuningdek, innovatsion madaniyatni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
​Professor Amanillo Qodirov aytganidek, anjumanlar mamlakatimizning innovatsion rivojlanishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshmoqda. Koʻpgina ezgu ishlar ushbu anjumanlarda sinovdan oʻtdi, hayotga yoʻllanma oldi va iqtisodiyotning turli sohalarida yangi texnologiyalar, mahsulotlar koʻrinishida amalga oshirildi.
​Mamlakatimizda innovatsion rivojlantirish jarayonlarini jadallashtirish borasidagi strategik muhim vazifani hal qilishda olimlar, mutaxassislar va tadbirkorlarning saʼy-harakatlarini birlashtirishga koʻmaklashish maqsadida Toshkent shahrida anʼanaviy XXX-Xalqaro “Innovatsiya-2026” ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
​Anjuman doirasida eng muhim ilmiy-amaliy va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha plenar yigʻilish hamda “Yoshlar va taʼlim muammolari. Taʼlim va fan sohasini raqamlashtirish”, “Kon ishi va metallurgiya. Geologiya”, “Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari. Raqamlashtirish”, “Sunʼiy intellekt. Iqtisodiyot tarmoqlaridagi innovatsion jarayonlar”, “Energetika. Mineral-xomashyo va issiqlik-energetika zaxiralaridan oqilona foydalanish muammolarini hal qilish uchun innovatsion texnologiyalar va usullar”, “Ekologiya. Sanoat xavfsizligi, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi” kabi shoʻbalarda 12 ta yalpi maʼruza va 140 ta shoʻba maʼruzasi tinglandi. Anjuman ishida sanoatchilar, tadqiqotchilar, fan doktorlari, professorlar, fan nomzodlari, dotsentlar hamda iqtidorli yoshlar qatnashdi. Shuningdek, respublikamiz vakillari bilan bir qatorda Hindiston, Belorussiya, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistondan kelgan mehmonlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
​Anjumanning ochilish marosimidagi yalpi yigʻilish Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori, akademik S. M. Turabjonov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ boshqaruv raisi, bosh direktori, texnika fanlari doktori, professor Q. Sanaqulov, Strategik innovatsiyalar va axborotlar markazi direktori, texnika fanlari doktori, professor A. Qodirov, “NGMK” AJ bosh muhandisi A. F. Ravshanov, loyiha rahbari, laboratoriya mudiri, professor-akademik M. T. Velyamov va boshqalarning chiqishlari bilan boshlandi.
​Konferensiya qatnashchilarining maʼruzalari “Innovatsiya-2026” toʻplami sifatida nashr etildi.

Hasan ABDUNAZAROV