Akademik formulasi

Sahifamizning navbatdagi mehmoni – taniqli matematik olim, O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti, akademik Shavkat AYUPOVdir.

– Toshkentning Eski shahar hududiga kiruvchi Sag‘bon ko‘chasida tug‘ilganman. Biz kichik, ammo fayzli hovlida bobom, buvim va ammalarim bilan katta oila bo‘lib yashaganmiz. Besh yoshimgacha o‘sha hovlida hayot kechirganman. Hovliga oid esimda qolgan lavhalardan biri – bog‘chaga qatnay boshlaganim. Qiziq tomoni shundaki, men borgan o‘sha bog‘chaga otam ham borgan ekan. Bog‘chamiz bugungi zamonaviy muassasalarga o‘xshamasdi: otamning aytishlariga qaraganda, bu joy bir paytlar katta boylardan birining uyi bo‘lgan, keyinchalik esa davlat tomonidan musodara qilinib, bolalar bog‘chasiga aylantirilgan ekan. Shu tariqa men besh yoshimgacha o‘sha rus bog‘chasida tarbiya olganman.

1957-yilda Ko‘kchaga ko‘chib o‘tdik. Esimni tanib, atrofni anglay boshlagan davrim aynan o‘sha yillarga to‘g‘ri keladi. Otam Toshkent davlat universitetida dars berar, onam esa tibbiyot sohasida ishlardi. Ko‘kchadagi masjidning bir qismida bolalar bog‘chasi joylashgan edi. Keyinchalik men ham o‘sha bog‘chaga qatnadim. Bolaligimdan yodimda qolgan yorqin xotiralardan yana biri, bu bobomning bog‘i. Har yozda bobomning bog‘iga borardik. Men uchun eng go‘zal manzara – ishkomlar edi. Ularning orasida yurganimda, o‘zimni xuddi kichik bir o‘rmon ichida yurgandek his qilardim. O‘sha davrda qarindosh-urug‘chilik aloqalari nihoyatda mustahkam edi. Mashinalar kam bo‘lishiga qaramay, mehmondo‘stlik, hol-ahvol so‘rash, bir-birini yo‘qlab borish odati kuchli edi. Hali-hanuz eslayman: meni hech kim dars qilishga majburlamasdi.

Ota-onam – Abdulla Ayupov va Marg‘uba Hamidova

Biroq, o‘zimda o‘qishga ishtiyoq kuchli bo‘lgan, har bir sinfni faxriy yorliq bilan tamomlaganman. Maktab yillarimdagi unutilmas voqealardan biri yer silkinishi bilan bog‘liq. O‘sha paytlarda yer qimirlasa, bolalarni xavfsizlik nuqtayi nazaridan ga jo‘natib yuborishardi. Chunki, masalan, agar yer aprelda siljisa, may oyiga qadar yoki aynan mayda yana takrorlanishi mumkin, deb hisoblashardi. Shu sababli, men va katta singlimni G‘arbiy Ukrainadagi bolalar oromgohiga yuborishgan. U yerda biz qariyb ikki yarim oy yashadik. Bu vaqt biz uchun yangi muhit, yangi do‘stlar, o‘ziga xos tajriba bo‘lgan. Keyinchalik men ham, ikkala singlim ham maktabni Oltin medal bilan tamomladik. Hali aytganimdek, bizni o‘qishga hech kim majburlamas edi. O‘z xohishimiz, ichki ishtiyoq bilan o‘qirdik. Shu bilan birga, ko‘chada chang-to‘zon ichida o‘ynashni ham, darsni o‘z vaqtida bajarishni ham joy-joyiga qo‘ya olardik...

Bolaligimda hayotimni tubdan o‘zgartirgan voqealardan biri chet tili o‘qishni boshlaganim edi. Maktabda bizda 5-sinfdan boshlab chet tili darsi bo‘lardi. O‘sha paytda til o‘qitishga hozirgidek katta ahamiyat berilmasdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, men ham bu fan bo‘yicha yomon o‘qimaganman, lekin zo‘r ham emasdim.

Rahmatli dadam bir kuni o‘z hayotlari haqida aytib bergan edi. U kishi o‘qishga kirganida, Pedagogika institutida o‘zbek guruhi to‘lmagan ekan. Shunda otamga rus guruhida o‘qishni taklif qilishgan. Aytishicha, rus tilini unchalik yaxshi bilmas ekan, lekin tirishqoqlik bilan o‘rganib, birinchi kursni a’lo baholar bilan tugatgan. 2-kursni bitirib, 3-kursga o‘tayotgan paytda Ikkinchi jahon urushi boshlanibdi. Barcha talaba yigitlarni avval Chirchiqqa, so‘ngra oradan bir-ikki oy o‘tib, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskva mudofaasiga yuborishgan. Qishning sovuq payti bo‘lgan. Otam keyinroq shunday derdi: «Men rus tilini frontda o‘rgandim. Shu yerda haqiqiy til maktabini o‘tadim», deb. Shundan keyin menga: «O‘zbek va rus tillarini bilasan, ammo kelajak ingliz tilida bo‘ladi. Shu tilni jiddiy o‘rgan», deb maslahat bergan edilar. Men esa: «Maktabda ingliz tili chuqur o‘qitilmayapti, nima qilay?», deb so‘radim. Otam: «Kafedramizda bir ayol o‘qituvchi bor, ingliz tilidan dars beradi, u bilan gaplashaman. Senga qo‘shimcha dars beradi», dedilar. Keyin o‘sha ayol: «Ha, mayli, o‘g‘lingiz haftasiga ikki-uch marta kelib tursa, bo‘sh vaqtimda dars beraman», deb rozilik bergan. Shundan keyin 5-sinfning ikkinchi yarmidan boshlab men haftada ikki marta u kishining darslariga qatnay boshladim. Shu tarzda 10-sinfgacha, deyarli besh yil davom ettirdim. Ingliz tilini o‘rganish men uchun odatiy hayot tarziga aylanib qoldi. Go‘yo maktabdagi darslarimning bir qismi edi. Bu menga juda katta foyda berdi.

Biz yashagan davrda hozirgidek ixtisoslashtirilgan maktablar bo‘lmagan, lekin o‘qituvchilar juda fidoyi edi. Bizni ustozlar sinfdagi bolalarni birortasi o‘zlashtirishga qiynalayotganligini ko‘rsa, darsdan so‘ng olib qolib, alohida shu o‘quvchi bilan shug‘ullanardi.

O‘quvchilik yillarimda barcha fanlarni sevib o‘rganardim. Hatto ularning ko‘pchiligidan fan olimpiadalariga ham qatnashganman. Chunki inson kelajakda qaysi soha vakili bo‘lishini oldindan bilmaydi. Turli fanlardan olingan bilimlar esa dunyoqarashni yanada kengaytirib, hayotda o‘z o‘rnini topishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqiqat mening taqdirimda ham o‘z tasdig‘ini topdi. Mantiqiy fikrlash qobiliyatim ustunligi sabab, matematika faniga o‘zgacha mehr qo‘ydim. Ayniqsa, yuqori sinflarda bu fanga qiziqishim yanada ortdi. Maktab va tuman miqyosidagi olimpiada bahslarida yuqori natijalarni qayd etganimdan so‘ng, poytaxt bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Bu bellashuvlar hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida yetuk matematik olim, akademik Sa’di Sirojiddinov rahbarligida o‘tkazilar edi. Men unda qatnashib, g‘olib bo‘ldim va shu insonning nazariga tushdim. Samarqand shahrida tashkil etilgan respublika bosqichida ham peshqadamlikni qo‘ldan boy bermadim. Rossiyaning Novosibirsk shahrida joylashgan «Akademiklar shaharchasi»dagi yozgi maktabda olimpiadaga tayyorgarlik vaqtida matematik bo‘laman, deb uzil-kesil qaror qabul qilganman. Rahmatli otam falsafa fanlari nomzodi, professor Abdulla Ayupov intilishlarimni qo‘llab-quvvatlab, bilimimni yanada kuchaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Natijada, maktabni Oltin medal bilan bitirib, Toshkent davlat universitetining mexanika-matematika fakulteti talabasi bo‘lganman. Yoshligimdagi muhit, ota-onamni bizga bo‘lgan munosabatlari va albatta, ustozlarimning bergan bilimlari meni shu darajaga yetishimga juda katta hissa qo‘shgan.

Bizning davrimizda fanning qaysidir sohasiga ixtisoslashgan maktablar yoki qo‘shimcha dars berib dunyoqarashimizni boyitadigan repetitorlar bo‘lmagan. Shu bois, bilimimni yanada oshirish maqsadida darslarimni tugatgach, besh yil davomida shahar markazidagi ta’lim muassasalarida tashkil etilgan to‘garaklarga qatnadim. Charchaganimda daraxtlarning soyasida biroz nafas rostlardim. Uyga kelgandan keyin kechasi allamahalgacha dars qilardim. Ana shunday mashaqqatlar esa keyinchalik o‘zining shirin mevasini berdi. Ya’ni, maktabni tugatayotgan paytimda rus va ingliz tillarini chet tillar institutining talabalari darajasida o‘zlashtirgan edim. Bu esa ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlaridan bahramand bo‘lishimda va ilmiy ishlarimda muhim poydevor bo‘ldi. Chunki o‘sha paytda sohaga oid adabiyotlarning ko‘pi xorijiy tillarda edi. Buning ustiga, chet eldagi Ilmiy konferensiya va uchrashuvlarda ham aksariyat ma’ruzalar rus yoki ingliz tillarida bo‘lar edi. O‘quvchilik yillarimda maktab devorida akademiklar Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov va Sa’di Sirojiddinovning suratlari osig‘liq turardi. Men, qani endi shu insonlarga o‘xshasam, ularga shogird tushsam, deb orzu qilardim. «Yaxshi niyat – yarim davlat», deganlaridek, yillar o‘tib, bu orzumga erishdim. Universitetda kafedralarga taqsimlash vaqtida aynan akademik Toshmuhammad Sarimsoqov rahbarligidagi funksional analiz kafedrasiga o‘tganman. Shundan boshlab, butun ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyatim u kishi bilan birga o‘tdi. Hatto men akademiklikka saylanganimda ham ustozim hayot edi. Keyinchalik ustozim asos solgan «Toshkent funksional analiz ilmiy maktabi» an’analarini davom ettirib, hozirgi zamon matematikasining eng dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, uning saviyasini yuqori darajaga ko‘tarish uchun tinim bilmay izlandim.

Maktab davrida 1-sinfdayoq do‘stlashgan ikkita og‘aynim bor, ular bilan haligacha uchrashib tura miz. Men ular bilan birga dars qilardim, futbol o‘ynardim. O‘sha paytda futbol maydonchalari bo‘lmagan, shuning uchun mahalladagi biror uyning yonida o‘ynasak, uy egasi chiqib bizni haydardi. Keyin toshlarimizni ko‘tarib, boshqa joyga borib, darvoza yasab, o‘yinni davom ettirardik. O‘yinga berilib, darslarimizni ham esimizdan chiqarib qo‘yardik. Hozir o‘ylab qarasam, eng zo‘r davr bo‘lgan ekan. O‘sha paytda bu paytning qadriga yetmaganmiz, lekin hozir uni juda qadrlayapmiz. Shubhasiz, bu eng baxtli onlarimiz bo‘lgan. Bugungi kunda insonlar orasida aloqa ko‘proq telefonda hol-ahvol so‘rashga o‘tib qolgan. Hattoki bolalar birga ko‘chada o‘ynaganini ham ko‘rmayapman, bu esa yoshlikdagi tabiiy va jismoniy faoliyatning yo‘qolayotganidan dalolat beradi. Har to‘rt yilda butun jahon matematiklari kongressi bo‘lib o‘tadi, men ularda ko‘plab qatnashganman. Masalan, 2014-yili Seulda bo‘lganimda, shahar ko‘chalarida deyarli odam yo‘q edi, ko‘pchilik metroda yurardi. Qarasam, metro yo‘llarida hammaning qo‘lida telefon, hatto yonida o‘tirgan do‘sti bilan ham telefon orqali gaplashib o‘tirishardi. O‘sha paytda hayron bo‘lgandim. Mana endi o‘zimizda ham xuddi shunday hol yuz bermoqda. Bizning bolaligimiz esa buning aksi edi: bolalar ko‘chada birga o‘ynar, birlashar, qishda qorbo‘ron o‘ynab, chana uchardilar. Ana shunday jismoniy va ijtimoiy faoliyatlar yoshlarning rivojlanishida muhim rol o‘ynardi. Hozir esa nafaqat ko‘cha maydonchalari kamaygan, balki tabiiy sharoit ham bunga imkon bermayapti – qor yo‘q va ko‘chada chana uchish deyarli imkonsiz. Shu bois, bolalarga faol o‘yin va tabiat bilan aloqani ta’minlash bizning asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lishi lozim.

Hayotimda yana bir ustozim, akademik Jovot Hojiyev ham muhim o‘rin tutgan. 1974-yili dorulfununni imtiyozli diplom bilan tamomlaganimdan so‘ng, aspiranturaga qabul qilinib, uning rahbarligida ilmiy izlanishlar olib bordim. 1977-yili fizika-matematika fanlari nomzodligini, 1983-yilda esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qildim. Ana shunday ustozlar ishining davomchisi sifatida 8 ta monografiya va 300 dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qildim, ularning ko‘pchiligi chet davlatlarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarida nashr etildi. Shuningdek, o‘quv yurtlari uchun 8 ta darslik va o‘quv qo‘llanmaga mualliflik qildim. Hozirgacha 14 nafar fan doktori va 40 dan ortiq fan nomzodi tayyorladim. Ulardan ko‘pchiligi yurtimiz va xorijdagi universitet va ilmiy markazlarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, akademiklarning izidan borib, akademik bo‘ldim.

Maqsad, ilm, til va sabr. Aynan bu tushunchalar kelajakda ilm yo‘lidan borib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissasini qo‘shaman, degan yoshlarning hayot formulasi bo‘lishi kerak. Chunki maktabni bitirayotgan har bir o‘smir kelgusida qaysi kasbning boshini tutishini aniq bilishi lozim. Shuningdek, o‘zi tanlagan sohaga oid fanlardan tashqari, hech bo‘lmaganda 2 ta xorijiy tilni ham bilishi kerak. Shunda fanga kirish osonroq bo‘ladi va uning cho‘qqilarini egallashda mashaqqatlarni yenga oladi. Bundan tashqari, kompyuter savodxonligini mukammal egallash ham juda muhim. Zamonaviy dunyoda bu ko‘nikma har qanday sohada muvaffaqiyatga erishish uchun zarur vositadir. Shuningdek, jismoniy mashqlar va faoliyat bilan shug‘ullanish ham bolalar uchun o‘ta zarur: bu nafaqat sog‘liqni mustahkamlashga, balki aqliy mehnat samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.

Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi

Tong yulduzi gazetasining 2025-yil 45-sonidan.