Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida “Voqealar gorizonti” mavzusidagi XI Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biennalesining yakuniy taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
​Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan 12–16-oktyabr kunlari tashkil etilgan biennaleda 33 mamlakatdan 70 nafar rassom va kurator, shuningdek, Oʻzbekistonning 70 nafar rassomi ishtirok etdi.
​Poytaxtimizdagi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida, Akademiya galereyasi anjuman zallarida, K.Behzod nomidagi Sharq miniatyura muzeyi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida, Toshkent fotosuratlar uyida, P.Benkov nomidagi ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida zamonaviy sanʼatning turli yoʻnalishlariga oid ijod namunalari va kuratorlik loyihalari namoyish qilindi. Shuningdek, “Voqealar gorizonti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman hamda mahorat darslari oʻtkazildi.
​Xalqaro hakamlar hayʼati qaroriga koʻra, Marina Borodina (Oʻzbekiston) — Gran-pri, "Scole" jamoasi (Rossiya) — 1-oʻrin, Nuriddin Rasulov (Oʻzbekiston) — 2-oʻrin, Pritu Samyukti (Hindiston) — 3-oʻrin bilan taqdirlandilar va ularga pul mukofotlari berildi.
​Shuningdek, hayʼat qaroriga koʻra, 11 (oʻn bir) nafar ijodkor biennale diplomi bilan taqdirlandilar.
​XI Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biennalesi ijodkorlar uchun fikr almashishga, tasviriy sanʼatni rivojlantirishga, ijodkorlar salohiyatini keng namoyon etishga va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. XI biennale munosabati bilan kelgan turli mamlakat mehmonlari yurtimizdagi 70 nafar rassomning ijodi bilan yaqindan tanishish imkoniga ham ega boʻldilar.
​

Hasan ABDUNAZAROV