Dunyoning hech bir mamlakatida uchramaydigan, faqatgina O‘zbekistonda yashaydigan dunyoga mashhur bug‘u haqida eshitganmisiz? Bu Buxoro bug‘ularidir. Buxoro bug‘usi – kichik bug‘ular turining eng kamyob hisoblanadi. Buxoro bug‘usining yana bir nomi – Xongul. Odamlar Buxoro bug‘ularining ajabtovur va juda ham chiroyli shoxlarini e’tirof etib, shunday atashgan. Shoxlar faqat erkak bug‘ularda o‘sadi. Shoxlarning uzunligi 100-125 sm gacha bo‘lib, 14 tagacha tarmoqqa bo‘linishi mumkin.

Bug‘ular kunduzi dam olib, kechqurun va erta tongda o‘tlaydi. Ular o‘zi yashaydigan maydonda hidli iz qoldirib, chegaralab chiqadi, boshqa poda yoki bug‘ular kelib qolsa, ularni haydaydi. Bahor oylarida bug‘ular shox tashlaydi. Kunlar isib, yoz kelishi bilan ularning shoxlari qaytadan o‘sib chiqadi.

Xongulning uzunligi 120 sm ga yetadi, vazni esa 200 kg atrofida bo‘ladi. Bundan 100 yillar ilgari Xongul bug‘ulari Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylarida yashagan. U paytlarda Buxoro bug‘ularini Vatanimizning istalgan yerida uchratish mumkin bo‘lgan. Bugungi kunga kelib, Xongul yo‘qolib ketayotgan jonivorlar sirasiga kiradi. Buning sababi Xongulning shoxi an’anaviy Xitoy tibbiyotida qo‘llaniladi va qora bozorda juda qimmat turadi. Buxoro bug‘ulari uchun eng katta tahdidlar brakonerlik, noqonuniy savdo, yashash joylarining yo‘qolishi hisoblanadi. Brakonerlardan tashqari turli yirtqich hayvonlar ularning erkin yashashiga xavf tug‘diradi. Shu sababli Buxoro bug‘ulari xalqaro «Qizil kitob»­ ga kiritilgan. Ular faqatgina maxsus muhofaza qilinadigan qo‘riqxonalarda saqlanadi. 1999yilga kelib 400 tadan kam Buxoro bug‘usi qolgan. O‘shandan beri ekologik tashkilotlar turni saqlab qolish uchun choralar ko‘rdi. Bundan tashqari, Butunjahon tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasi Buxoro bug‘ularini bir vaqtlar ular yashagan joylarga qaytarish uchun reintroduksiya dasturini amalga oshirdi. Masalan, O‘zbekistondagi Zarafshon qo‘riqxonasiga Buxoro bug‘ulari qaytadan joylashtirilgan. Natijada, yurtimiz qo‘riqxonalarida yashaydigan Xongullar soni 1000 dan oshib ketdi.

Agar sizda maqolani o‘qib, Buxoro xonguliga nisbatan qiziqish uyg‘ongan bo‘lsa, Toshkent hayvonot bog‘ida uni jonli ko‘rishingiz mumkin.

Lobarxon SHOKIROVA,

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi