Shimol yog‘dusi haqida gap ketsa, aniqki, ko‘z oldingizga kino yoxud multfilmlarda ko‘rgan shimoldagi g‘aroyib manzara ko‘z oldingizga keladi. Bu manzarani paydo qiladigan shimol yog‘dusi tabiiy hodisa bo‘lib, asosan, kech kuzda, qishda yoki erta bahorda kuzatiladi. Bu hodisa quyosh shamolining zarralari sayyora atmosferasiga kirib, uning atomlarini ionlashtirganida sodir bo‘ladi.
Vaqt-vaqti bilan qaynoq suv va bug‘ favvora bo‘lib otiladigan buloqlar – Geyzerlar tabiat yer osti kuchlarining ta’sirchan namoyishidir. Bu holat aslida issiq suv va bug‘lar yer ostidagi yuqori bosim ta’sirida vaqti-vaqti bilan havoga ko‘tarilib turishi bois sodir bo‘ladi. Sayyoradagi geyzerlarning yarmidan ko‘pi bitta joyda – AQSHda, ya’ni Yellouston milliy bog‘ida joylashgandir.
Tornado qanchalar dahshatli hodisa ekanligini internet orqali ko‘p ko‘rgansiz. Agar tornado olovli bo‘lsa-chi... Yong‘indan iborat tornadolar bir nechta kichik gulxanlarning birlashib ketishidan hosil bo‘ladi. Bu yerdagi issiq havo bosimi dovul tezligiga teng keladi.
Atmosferadagi eng go‘zal hodisalardan biri ؘ– Nur ustunlar bo‘lib, ularning paydo bo‘lishi uchun havo harorati 20 darajadan past bo‘lishi kerak. Aynan shu haroratda muz kristallari bulutlarda shakllana boshlaydi. Nur ustunlari kristallarga quyosh nuri tushganida paydo bo‘ladi.
Sayyoramizning dengiz mo‘jizalaridan biri – tabiiy tungi chiroqlar bo‘lib, bu zulmatda nur taratish qobiliyatiga ega mayda organizmlardir. Ularning suv yuzasida juda ko‘p miqdorda to‘planib turishini hatto fazodan turib ham kuzatish mumkin ekan.
O‘zining ajoyib ko‘chib yurishlari bilan mashhur monarx kapalaklari ob-havo sharoitiga qarab Shimoliy Amerikaning u yog‘idan bu yog‘iga oilaviy uchishadi. Ammo bu jonzotlar 3 200 kilometr masofani bosib o‘tgunlariga qadar bir necha avlod almashadi.
Faqat jiddiy vulqon otilishi vaqtida lavalar paydo bo‘lishini yaxshi bilamiz. Biroq sayyoramizda nisbatan sokin turuvchi 5 ta lava ko‘llari mavjud bo‘lib, ularning harakatlanishi, albatta, yer yadrosiga bog‘liq. Erigan tog‘ jinslarning yuqori harorati ulardan kechalari juda qo‘rqinchli nur taratadi.
Muhiddin SHAYMARDONOV,
O‘zDJTU talabasi



