Tabiatdagi barcha mavjudot-u maxluqot, yer-u osmonni yaratishdan Ollohning asl maqsadi – inson edi. Insondan maqsad esa irfon edi. Irfon faqat haqiqiy “yor” – Xudoni bilish emas. U avvalo, o‘z-o‘zini anglash, tevarakdagi iloh mo‘jizalarining tub mohiyatini bilish va shu orqali dunyoviy narsalaridan voz kechib, boqiylikka yo‘l tutishdir. Navoiyning fikricha, dunyoni ikki yo‘l bilan bilish mumkin! biri – o‘z harakati, ikkinchisi – shu maqsadga erishgan “murshidi komil”ning etagini mahkam tutish. Navoiy bu yo‘lda murshidi komil-ustoz bilan ish ko‘rishni ma’qul ko‘radi. Shoir uchun ana shu o‘zlikni tanish yo‘lidagi pir – Nuriddin Abdurahmon Jomiy edi.

Alisher Navoiy har doim paydo bo‘lgan mushkulotlarni yengishda do‘sti va ustozi Jomiyga suyangan, maslahatlar olgan, uni og‘irini yengil qiluvchi, ezgu ishlarga undovchi ulug‘ homiy va murabbiy deb bilgan. Bu jihatlarni “Xamsa”dagi har bir dostonning muqaddima qismidagi Jomiyga bag‘ishlangan maxsus boblarda kuzatamiz. Navoiy o‘z ustoziga bag‘ishlab «Xamsat ul - mutahayyirin» asarini bitgan bo‘lsa, «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub» asarlarida ham murshidga yuksak baho beradi. Shu barobarida u Jomiyning «Nafahot ul-uns-min hazorat ul-quds» tazkirasini ayrim to‘ldirishlar bilan tarjima qilgan, «Arbain»indan turkiy kitobxonni voqif qilgan.

Xo‘sh, ular ilk bor qayerda uchrashishgan? Bu masala bir necha yil olimlar orasida bahs-munozaraga sabab bo‘lgan. Atoqli sharqshunos Ye.E.Bertels «Navoiy» asarida ular 1469 yil Hirotda uchrashishgan va ularning piru muridlik marosimi rasman 1476 yilda e’tirof etilgan, degan xulosaga kelsa, ustoz Sadriddin Ayniy ta’kidiga ko‘ra, ikki daho ijodkorning ilk tarixiy muloqoti Alisherning 18-19 yasharligida, ya’ni 1459-1960 yillarda voqi’ bo‘lgan. Taniqli navoiyshunos Abduqodir Hayitmetov shogird - ustozning ilk ko‘rishuvi 1464-1465 yillarga to‘g‘ri keladi, deb xulosa qiladi: “1476-1477 yillar orasida esa u Jomiyni o‘ziga pir sifatida tanlagan edi”. Xullas, taxminan 1464-1465 yillarda Mashhaddan qaytgan Navoiy biron-bir joyda rasmiy vazifa bilan band bo‘lmagan, so‘ngra Samarqandda o‘qish-o‘rganishni davom ettirgan. Nihoyat, 1476 (881 hijriy) yili Navoiy Xojagon-Naqshbandiya sulukiga kirib, Jomiyga murid tushadi, uning ko‘magi bilan tasavvufga oid bilimlarni chuqur egallashga kirishadi.

Navoiy “Xamsa”da ustozi, piri Jomiyning qay bir murshidlik xislatlarini tilga olgan? Bu sifatlar “Xamsat ul-mutahayyirin”da qayd etilgan jihatlardan farq qiladimi?

Avvalo, “Xamsa” Abduraxmon Jomiy haqida yozilgan asarlardan ancha oldin yozilgan. Shu ma’noda qolgan asarlardagi ta’rifi tavsiflarga “Xamsa” dostonlarida zikr etilgan xususiyatlarning davomi, kengaytirilgan, to‘ldirilgan shakli deb qarash lozim.

Ilk doston “Hayrat ul-abror”da “safo jomining sofi oshomi” Mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy tariqatning qutbi, haqiqat sirlarini kashf etuvchisi. Uning ko‘ngli ma’nolar yuzining oynasi, ko‘ksi duru gavharlar xazinasi. U katta olam - “olami kubro”, Olloh qudratining nishonasi. Hatto, tanidagi xirqasi ham riyodan xoli zot.

Qaysi jahon, olami kubro degil,

Qudrati Ollohu taolo degil.

Xirqa bila topmag‘ani ixtisos,

Tanni riyo to‘nidin etmak xalos.

Jomiy “kahfi baqo” – mangulik g‘origa muyassar bo‘lgan pir. Bu g‘orga yetishish uchun solik vahdat jomidan simirib, fano dashtida “ma’dum” bo‘lishi-yo‘q bo‘lishi lozim. Navoiy ustozi kabi shu g‘orga muyassar qilishini Tangri taolodan so‘raydi.

Jomiyning fano dashtidagi “ma’dum”ligini ko‘rsatuvchi asar “Farhod va Shirin”dir. Dostonda yozilishicha, u-dunyo ichidagi dunyo. Nizomiy va Xusrav ikki fil bo‘lsa, Jomiyning o‘zida yuz filcha kuch bor

Ikki pil o‘lsa Xisrav yo Nizomiy,

Erur yuz pil chog‘liq pil Jomiy

Muhabbat jomi durd oshomi uldur,

Hamono Zinda pili Jomi uldur.

Ko‘rub sarmasti Jomi vahdat oni,

Demishlar Zinda pili hazrat oni.

Baytdagi “Hamono Zinda pili Jomi uldur”ni ikki ma’noda talqin etish mumkin: avvalo, Navoiy ustozini XI-XII asrlarda yashagan, Jomdan chiqqan mashhur mutasavvif Ahmadi Jomga o‘xshatadi. Ikkinchidan, Jomiy vahdat mayidan sarmast bo‘lgan “zinda”- tirik pil, ya’ni murshid. Tasavvufda “piri hotif” degan istiloh bor. Hotif – g‘oyibdan oq fotiha beruvchi. Tariqatga kirgan solik uchun hotifi avval-Olloh. So‘ng esa tariqatdagi piri.

Chu bo‘ldi barcha ahvolimg‘a voqif,

Manga xud bo‘ldi ul ikkinchi hotif.

Demak, Navoiy uchun Yaratgandan keyin ikkinchi hotif – yo‘l ko‘rsatuvchi rahnamo Hazrat Jomiydir.

Navoiy har bir dostonida murshidi komilning yangi-yangi pirlik qirralarini ochib boradi. Agar “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”da u haqiqat sirlarining koshifi, “olami kubro”, “fano ma’dumi”, rindlar sarxayli sifatida gavdalansa, “Layli va Majnun”da avliyo, ilohiy ma’nolar jomining pok, toza mayparasti etib tasvirlanadi. Bobning avvalidayoq Navoiy uni avliyo deydi. Har qanday pir-murshid ham avliyo bo‘lolmaydi. Chunki avliyolikning o‘z mezon va riyozatlari bor. Ilohiy ma’rifatdan boxabar, Haq taolo uni o‘ziga qurb-yaqin qilgan va eng asosiysi qalbini ilohiy nuri bilan munavvar etgan kishigina avliyo hisoblanadi. Shayx Aziziddin Nasafiy “Zubdat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar qaymog‘i”) asarida yozadi: “Agar irfoniy ma’rifat ustiga boz Haq taolo uni o‘ziga qurb (yaqin) qilib tanlagan va muhabbatiga musharraf etib, qalbini nuri bilan yoritgan bo‘lsa, uni valiy deb, uning ruhini valiy ruhi deb aytadilar”.

Navoiy «Xamsa»ni tugatgach, murshidning oldiga keldi. Shunda uning ruhiyatida ajib bir voqea bo‘ladi. Bir go‘zal bog‘da buyuk so‘z san’atkorlari ustozlar – Nizomiy, Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy va Jomiy hozir. Nuroniy shoirlar davrasiga Navoiyning kirib borishi va u nafis majlisda unga yaratgan ulug‘ ishi tufayli ko‘rsatilgan iliq iltifot va do‘stona muhabbat manzarasining tasviri, asosan, Navoiyning Jomiyga nisbatan har taraflama yuksak hurmatining yorqin timsolidir. Ganjlik ustoz Nizomiy Ganjaviy turkiy tildagi «Xamsa»ga yuksak baho berib, shogirdi haqqiga duo qilishni Jomiydan so‘raydi.

Sanga ham chu shogird erur, ham murid,

Duosini sendin tutarbiz umid.

Demak, «Saddi Iskandariy»da Jomiy shunchaki pir emas, balki Olloh bilan Navoiy orasida vositachilik qilgan va «Xamsa» yaralishiga asosiy turtki bo‘lgan komil inson.

Xulosa qilib aytganda, Nizomiddin Alisher Navoiy piri komil Nuriddin Abdurahmon Jomiy ko‘magida Naqshbandiya tariqatiga kirdi, tasavvuf ilmi va odobini o‘rgandi, pir o‘gitlaridan ruhlanib, turkiy tilda mukammal «Xamsa» yozdi va buyuk xamsanavislar safiga qo‘shildi, ular egallagan martabalardan ham balandroq poyaga chiqdi.

O‘zDJTU talabasi Sanjarbek XOLJONOV yozib oldi.