Siz ilmiy-fantastik filmlar va multfilmlarda qahramonlarning vaqt bo‘ylab sayohat qilganini ko‘p ko‘rgansiz, to‘g‘rimi? Ular ba’zan o‘tmishga qaytib, juda qadim zamonlarga tushib qoladi. U yerda esa buyuk tarixiy shaxslar bilan uchrashadi, hatto eng muhim voqealarga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘ladi. Agar men sizga vaqt devoridan o‘tib, aynan o‘tmishga – ana shunday sirli va qiziq sayohat uyushtirish mumkin, desam-chi… ishonasizmi? Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida ana shunday imkoniyat bor.
«Vaqt devori» inson tamadduni taraqqiyotini yangicha ko‘z bilan anglatishga qaratilgan innovatsion madaniy-ma’rifiy tashabbus hisoblanadi. Ushbu devorda islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlarini qamrab olgan ko‘plab multimediaviy videokontent, animatsiya, o‘yin texnologiyalari va sun’iy intellekt asosidagi eksponatlar ishlab chiqilgan.
Bu devor hammasi bo‘lib 250 metrni tashkil qiladi. U o‘zida xalqimizning kamida 3000 yillik davlatchilik tarixini barelef, miniatyuralar va mahobatli rangtasvir asarlari ko‘rinishida aks ettiradi. Shuningdek, ushbu devor bo‘ylab turli davrlarga oid eksponatlar, numizmatika namunalari, xaritalar, videoroliklar, interaktiv o‘yinlar joylashtirilgan. «Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar» zali tashrif buyuruvchilarni ming yilliklar qa’riga – mezolit davridagi qoyatosh chizmalaridan tortib, bronza davri yodgorliklarigacha bo‘lgan tarixga g‘arq etadi. Unda arxeologik topilmalar, petrogliflar, bronza buyumlari va qadimiy yozuv namunalari o‘rin olgan. Raqamli texnologiyalar yordamida ilk manzilgohlar, savdo yo‘llari va qadimiy shahar madaniyati qayta «jonlanib», mintaqamiz insoniyat tamadduni ning eng qadimiy o‘choqlaridan biri bo‘lganini yaqqol namoyon etadi.
Eksponatlar orasida Baqtriya sivilizatsiyasi merosiga alohida urg‘u berilgan: bronza davriga oid kulolchilik namunalari, zargarlik buyumlari va diniy ashyolar o‘sha davr jamiyatining yuksak tashkiliy darajasini, jumladan, quruq iqlim sharoitida barqaror hayot kechirish imkonini bergan rivojlangan irrigatsiya tizimlarini ochib beradi. Shundan so‘ng, ekspozitsiya Xorazm va So‘g‘d madaniyatlari, zardushtiylik an’analari hamda madaniy-savdo almashinuvi gullab-yashnagan davr – Buyuk Ipak yo‘li rivojiga ulanadi.
VIII–XI asrlarni qamrab olgan Birinchi Renessans zali islomiy «Oltin davr»ning ilmiy yuksalishiga bag‘ishlangan. Bu yerda al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, al-Moturidiy kabi bobolarimizning kashfiyotlari, o‘lmas asarlari va jahon madaniyatiga ko‘rsatgan ta’siri noyob qo‘lyozmalar, multimedia materiallari orqali yoritib beriladi. Ayniqsa, Ka’ba eshigining qariyb sakkiz asrlik haqiqiy kaliti hamda bir paytlar muqaddas manzilni yopib turgan Kisva parchalari tashrif buyuruvchilarning diqqat markazida bo‘ladi.
Keyingi zalda XIV–XV asrlarni qamrab olgan va «Ikkinchi Renessans davri» nomi bilan mashhur bo‘lgan Temuriylar saltanati tarixiga duch kelasiz. Amir Temur kitoblarda, asosan, sarkarda o‘laroq e’tirof etilgan. Lekin «Ikkinchi Renessans» ekspozitsiyasidagi «Vaqt devori»da Sohibqiron yangicha obrazda, ya’ni buyuk davlat arbobi, bunyodkor, ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi siymosi ko‘rsatilgan. «Ikkinchi Renessans» ekspozitsiyasidagi «Vaqt devori»da Amir Temur va temuriylar davrida yaratilgan qo‘lyozmalardan olingan miniatyuralar, ularda aks etgan tarixiy shaxslar siymosini ko‘rish mumkin.
Sayohat XX asr zalida davom etadi. Bu yerda mintaqa tarixi arxiv fotosuratlari, hujjatlar, ro‘zg‘or buyumlari hamda olimlar, faylasuflar va yozuvchilar ning ilmiy merosi orqali namoyon bo‘ladi. Jamiyatning transformatsiya jarayoni: xonliklarning parchalanishi, yangi davlat institutlarining shakllanishi va madaniy an’analarning bosqichma-bosqich yangilanishi jonli tarzda aks ettirilgan. «Vaqt devori» sizni shunchaki tomoshabin emas, balki tarixning jonli ishtirokchisiga aylantiradi. Bu yerda ming yilliklar ortda emas, aksincha, ko‘z o‘ngingizda yana bir bor uyg‘onadi, so‘zlaydi, o‘zini tanitadi. Siz esa qadim ajdodlar izidan yurib, ularning hayoti, tafakkuri va bunyodkorlik ruhini qalban his etasiz.
Sherzod Yunusjonov,
O‘ZDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi



